Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda pandemiya sharoitida aholining toʻlov qobiliyati pasayishini hisobga olib, farzandi toʻlov-shartnoma asosida oʻqiydigan oilalarga yengillik yaratish va ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi oʻquv yilida amaldagi bazaviy toʻlov-kontrakt miqdori uchun 10 foiz chegirma berilishi haqida xabar bergan edik.

Mazkur taklif Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan maʼqullandi va barcha davlat oliy taʼlim muassasalariga vazifa sifatida yuborildi.

Yangi 2020/2021 oʻquv yilida respublika oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasida kunduzgi taʼlim shaklida toʻlov-kontrakt asosida tahsil oladigan barcha talabalarga shartnoma shartlarini bajarishda amaldagi bazaviy toʻlov-kontrakt (stipendiyasiz qismidan) miqdoriga 10 foiz chegirma beriladi.