Banan importi 1,5 baravardan koʻproqqa oshgan

    Oʻzbekistonga banan importi 2021-yildagiga qaraganda 1,5 baravardan koʻproqqa oshgan.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari 2017-2022-yillar uchun banan importini tahlil qildi.

    2022-yilda Oʻzbekistonga banan importi hajmi avvalgi yildagiga qaraganda 1,5 baravardan koʻproqqa oshgan. Qolaversa, ushbu mahsulotning importi hajmi mana ikkinchi yildirki jadal sutʼatda oʻsishda davom etayapti.

    UN COMTRADE va TRADEMAP maʼlumotlar bazasiga koʻra, 2022-yilda Oʻzbekistonga banan importi hajmi 140,2 ming tonnani tashkil qilgan. Bu esa avvalgi yildagiga qaraganda 1,6 barobar koʻp demakdir. Taqqoslaydigan boʻlsak, 2021-yilda mamlakatimiz 2020-yildagiga nisbatan 2,2 barobar koʻp banan import qilgan.

    2020-yilda Oʻzbekistonga banan importi hajmi 2019-yildaggiga nisbatan 7 foizga kamaygan. 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi boshlanishidan oldin Oʻzbekistonda banan isteʼmoli tez va sezilarli darajada oʻsayotgan edi, ammo, oʻsish tendensiyasi koronavirus taʼsiri tufayli toʻxtab qoldi.

    Keyingi yillarda importning oʻsishi tiklandi. Banan isteʼmolining oʻsishiga hukumatning ushbu mahsulotga import bojxona toʻlovlarini nolga tushirish haqidagi qarori turtki boʻldi. 2021-yilning oktyabr oyidan Oʻzbekistonda banan importi uchun nolga teng bojxona stavkasi tartibi amal qilmoqda va bu muddat bir necha bor uzaytirildi. Ayni chogʻda nolga teng stavka 2024-yilning 1-yanvarigacha amal qiladi.

    Shuni taʼkidlash kerakki, banan import qiluvchi koʻpgina mamlakatlarda ushbu mahsulot uchun import tarif boji mavjud. Masalan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo mamlakatlarda banan uchun import stavkasi 4 foizni tashkil etadi (lekin 1 kilogramm uchun kamida 0,015 evro), Yaponiyada mavsumiy stavka qishda 18 va yozda 8 foiz, Janubiy Koreyada - 30 foiz.

    Hukumat tomonidan koʻrilayotgan bu chora-tadbirlar, shuningdek, aholi salomatligi uchun bilvosita va yana bir qancha foydali jihatlarga ega. Garvard universiteti jamoatchilik sogʻligini saqlash maktabi tadqiqotiga koʻra, banan salomatlik uchun juda koʻp foydali xususiyatlarga ega, jumladan, diabet xastaligini nazorat qilishni yaxshilaydi, ovqat hazm qilishni bir maromda saqlaydi, ortiqcha vazndan xalos boʻlishda yordam beradi, qon bosimini barqarorlashtirishadi, yaralarning bitishida yordam beradi.