20-iyun kuni «Mushtum» jurnalining Telegram kanalida Surxondaryo viloyati Bandixon tumani prokurori Soatmurod Maxmanovga tegishli ekani aytilayotgan audio tarqaldi.

Kanalda audioyozuvga izoh sifatida qayd etilishicha, prokuror tumandagi MFY raislariga ularning xizmat vazifalariga, vakolatlariga kirmaydigan — aholidan soliq toʻlovlarini undirish vazifasini yuklab, soʻroqqa tutib, doʻq-poʻpisa va haqorat qilib, kamsitgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlayotgan mazkur audioda tuman prokurori oldidagi odamlarni uyatsiz soʻzlar bilan haqorat qilib, soʻkingani aks etgan.

“Sen kecha nima vaʼda bergan eding, it? Nima vaʼda bergan eding deyapman? Qani puling, ber buyoqqa. Qancha bor? 2 mln soʻm tushirgansan? Nimani vaʼda berganding, kechagi pulni koʻtarib kelyapsan. Erkakmisan senlar ey? Xotinchalish. Erkakmisan sen ham? Itdan tarqagan ekansan-ku. Odamdan tarqaganingda odamning ishini qilarding. Bor, itning ishini qil, vovullab oʻtir koʻchada. Tur yoʻqol, iflos”, — deyiladi audioda.

Boshqa bir odamga esa “toʻrtta odamini yigʻa olmasa, arizasini yozib, yoʻqolishini” aytarkan, “Yoʻq, men tushunmayapman-da, bu tizim. Siz … yeb oʻtiribsizmi, enangizniki bormi bu yerda?!” degan prokuror ekani aytilayotgan shaxs.

Salkam toʻqqiz daqiqalik audioda u qarshisidagi odamlardan pul talab qilgani va buning uchun uyatli soʻzlarni aytganini tinglash mumkin.

“Bandixon qani? Qani, e ogʻayni, pul? Enangnikiga tiqib qoʻy u 3 millionni. Kecha gapirgan gaping qani bu yerda? Bor joyiga qoʻyib kel, maraz, itdan tarqagan! Sarvar qani? Qani kecha aytgan pulim? Ey iflos, kecha kechqurun aytgan pulim qani deyapman men senga? Qani deyapman men senga?” — degan u.

Audioda ushbu shaxsning ayollarga ham qoʻpol muomala qilgani, ularga ishdan boʻshashini aytgani ham yozilgan.

“Obod turmush qani? Ha opa, 500 ming soʻm tushgan. Qani? Boring, arizangizni yozingda yoʻqoling, … bormi sizga bu yerda ishlab, davlatni, jamiyatni harom qilib. Arizani yozing-da, yoʻqoling. Uyalmay kelasiz yana bu yerga. Oling arizasini, nima qilasiz ishlatib? Dushman-ku, bu”, — degan u.

Audio boʻyicha Surxondaryo viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirarkan, tarmoqlarda tarqalayotgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar oʻrganilayotganini maʼlum qildi.