Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axboroti eshitildi

    Mamlakatimizda 28 Iyul 2021 354

    2021-yil 28-iyulda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Unda qoʻmita aʼzolari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning ijrosi yuzasidan axborotini eshitdi.

    Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda. Milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uygʻunlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

    Xususan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Mazkur hujjat 78 banddan iborat. Shundan 46 bandning ijro muddati yakunlangan, 31 ta band oʻz muddatida toʻliq bajarilgan, 5 ta bandning ijro muddati uzaytirilgan, 47 bandni amalga oshirish boʻyicha ishlar davom etmoqda.

    Shuningdek, Milliy strategiyada jami 33 ta qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Xususan, yangi qonun loyihalari 20 ta, amaldagi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihalari 4 ta, amaldagi qonunlarning yangi tahrirdagi loyihalari 9 ta. Ushbu bandlarning 14 tasi bajarildi, 19 tasi ijro qilinmoqda.

    Vazir taʼkidlashicha, “yoʻl xaritasi”ning ijrosini taʼminlash doirasida vazirlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2020-yil 20-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish, ishchi va xodimlarni sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlariga boʻlgan huquqlarini taʼminlash borasida qonun hujjatlarini takomillashtirish va xalqaro standartlarga moslashtirish borasida tizimli ishlar olib borilyapti. Jumladan, 2021-yil 4-iyun kuni “Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish asoslari toʻgʻrisida 187-sonli konvensiyasini (Jeneva, 2006-yil 15-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.

    Shu bilan birga, Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilib, tegishli tartibda Qonunchilik palatasiga kiritilib, birinchi oʻqishda qabul qilingan. Ayni paytda loyiha ikkinchi oʻqishga tayyorlanyapti.

    Yoʻl xaritasining 41-bandiga koʻra, vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, huquqiy ekspertizadan oʻtkazish maqsadida Adliya vazirligiga kiritilgan.

    Tadbirda deputatlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axborotini eshitib, “yoʻl xaritasi”ning bajarilishi yuzasidan ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, baʼzi bandlarning ijrosi kechikayotganligi va mavjud muammolarni hal etishda Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi bilan birgalikda ish olib borishini taʼkidlashdi.

    Yigʻilishda kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.