Bangladeshdagi namoyishlarda 100 ga yaqin odam halok bo'ldi

    Bangladeshda hukumatga qarshi namoyishlar chog'ida kamida 98 kishi, jumladan, talabalar va politsiyachilar halok bo'ldi, yuzlab odamlar yaralandi.

    Bu haqda Daily Prothom Alo gazetasi xabar berdi.

    Uning ma'lumotlariga ko'ra, kun davomida Dakkaning turli hududlarida va mamlakatning boshqa joylarida to'qnashuvlar sodir bo'ldi. Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, 98 kishi halok bo'ldi. Ko'pchilik o'qotar qurollardan olgan jarohatlari tufayli vafot etdi.

    Halok bo'lganlar orasida kamida 14 nafar politsiyachi bor, 300 dan ortiq huquq-tartibot xodimlari jarohatlandi. O't qo'yish, vandalizm, yo'llarni to'sib qo'yish, politsiya bo'limlariga hujumlar va binolarni qamal qilish holatlari qayd etildi.

    Bo'layotgan voqealar fonida rasmiylar 4-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da joriy etilgan komendantlik soatini kuchaytirishga qaror qildi. Keyingi uch kun butun mamlakat bo'ylab dam olish kuni deb e'lon qilindi, deb xabar beradi report.az.