Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanmaga ehtiyoj oshayapti. Lekin, hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, unga garov topish imkoniyati yoʻq.

Tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay instrument bu – faktoring. Xalqaro moliya korporatsiyasiga koʻra, bizda 10 milliard dollarlik faktoring xizmatiga talab bor. Hozir bu xizmatni faqat banklar, mikromoliya tashkilotlari koʻrsatayapti.

Bundan buyon bank boʻlmagan yangi institut – faktoring tashkiloti uchun yoʻl ochiladi. Ular xorijiy valyutada ham xizmat koʻrsatishi mumkin boʻladi. Bu jarayonda qatnashadigan bank, mikromoliya, faktoring tashkiloti va tadbirkorlar foydalanadigan alohida elektron platforma ishga tushadi. Yaʼni, tadbirkor undan oʻziga qulay moliyaviy mahsulotni tanlash imkoniyatiga ega boʻladi.

Umuman, faktoringni ommalashtirish hisobidan tadbirkorlarga aylanma uchun 20 trillion soʻm, eksportchi korxonalarga 1 milliard dollar qoʻshimcha moliyaviy resurslar paydo boʻladi.