Bank hisob varaqlari operatsiyalari soliq nazoratiga olinadi

    Moliya 24 Noyabr 2020 1087

    2020-yil 20-noyabrda qabul qilingan 736-sonli Hukumat qaroriga koʻra, Soliq toʻlovchining bank hisob varaqlari bilan bogʻliq operatsiyalar boʻyicha soliq organi va bank tizimi oʻrtasida elektron maʼlumot almashish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Mazkur nizom soliq toʻlovchining soliq qarzdorligini undirishda hamda bank hisob varaqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turishda soliq organi va bank tizimi oʻrtasida maʼlumotlar almashish tartibini belgilaydi.

    Nizom qoidalari soliq majburiyatiga ega boʻlgan:

    - yuridik shaxslar;

    - chet el yuridik shaxsining Oʻzbekistondagi doimiy muassasasi;

    - yakka tartibdagi tadbirkorlarga tatbiq etiladi.

    Nizomga muvofiq, soliq toʻlovchi belgilangan toʻlov muddatiga qadar toʻlov topshiriqnomasini bankka taqdim etmagan taqdirda, soliq organi tomonidan uch ish kunida inkasso topshiriqnomasi elektron shaklda bankka yuboriladi.

    Soliq organi tomonidan inkasso topshiriqnomasi bilan bir vaqtda qarzdor shaxsning chet el valyutasidagi hisob varagʻiga valyuta mablagʻlarini sotish uchun elektron topshiriqnoma yuboriladi.

    Soliq toʻlovchining toʻlov topshiriqnomasi va soliq organining inkasso topshiriqnomasi bank tomonidan bir ish kuni ichida bajarilishi shart.

    Nizomga koʻra, soliq toʻlovchilarning bankdagi hisob varaqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish soliq organining qaroriga asosan 10 kundan koʻp boʻlmagan muddatga soliq toʻlovchilarning majburiyatlari bajarilishini taʼminlash uchun amalga oshiriladi.

    Soliq organi tomonidan ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran 10 kun muddatda sudga murojaat etilmagan taqdirda, soliq toʻlovchining hisob varaqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatilishi bekor qilinadi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.