Bank tizimida yuz berayotgan transformatsiya jarayonlari haqida koʻproq maʼlumot olish maqsadida AT “Aloqabank” faoliyati bilan qiziqdik.
Xoʻsh, bugun 13 ta filiali hamda 77 ta kompleks xizmatlar koʻrsatish markazlari faoliyat koʻrsatib kelayotgan bankda bu jarayonda qanday oʻzgarishlar kuzatilmoqda?
Mamlakatimizda elektron tijorat sohasida faoliyat boshlagan ilk bank
Aytish kerakki, mazkur muassasa Oʻzbekistonda elektron tijorat sohasida faoliyat boshlagan birinchi bank hisoblanadi. Bank virtual terminallar bilan ilk ekvayring faoliyatini 2014-yilda yoʻlga qoʻygan. Mamlakatdagi birinchi toʻlov tashkilotlari — Payme, Click bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatib, ularga E-Pos terminallar orqali xizmat koʻrsatishni boshlagan.
2016-yilda mazkur ikki tashkilot bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda birinchi boʻlib kartadan kartaga onlayn oʻtkazmalar hamda bank kreditlarini onlayn soʻndirish loyihasi ishga tushirilganini ham qoʻshimcha qilish joiz.
— Hozir barcha mustaqil toʻlov tashkilotlari, jumladan, Payme, Click, Paynet, Paymo, U-pay, Oson bankimizni oʻzining hamkori sifatida tanlab, asosiy aylanmalarini biz orqali amalga oshirmoqda, — deydi “Aloqabank” ATB boshqaruvi raisi oʻrinbosari Hasan Rahmatov. — Shuningdek, Beeline (Beepul), Ucell (U-toʻlov) va Uzmobile (MyUztelecom) operatorlari mobil ilovalarining onlayn toʻlovlari bizning bank orqali oʻtadi. 2020-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, bank tomonidan E-Pos terminallar orqali xizmat koʻrsatilayotgan mijozlar soni
7 126 taga yetdi. 2020-yil 9 oylikda E-POS terminallar aylanmasi 2,8 trillion soʻmni tashkil qilib, bozorda terminal parki boʻyicha 16-oʻrin, ekvayring boʻyicha 3-oʻrinni egalladi.
15 daqiqada mikroqarz olish imkoniyati
Raqamli transformatsiya dunyo biznesining raqamli iqtisodiyot jamiyatining yangi shartlari va afzalliklariga moslasha boshlagan muqarrar jarayon boʻlib, raqamli texnologiyani tatbiq etish orqali jamiyatda insonlarning turmush darajasini yaxshilash, qulayliklar yaratish va sifatini oshirishga xizmat qiluvchi vosita hisoblanadi.
Davlat banklarini transformatsiya qilishning asosiy yoʻnalishlaridan biri ham aynan IT sohasini rivojlantirish masalasidir. 2017-yil avgust oyida “Aloqabank”da elektron tijoratni yana-da rivojlantirish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, xizmat koʻrsatish jarayonlarini avtomatlashtirish hamda zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish maqsadida “Elektron tijorat va biznesni rivojlantirish departamenti” tashkil etildi. Shu yilning oʻzida Oʻzbekistonda birinchi boʻlib jismoniy shaxslar uchun overdraft kreditlar joriy etildi.
2018-yil aprel oyida mamlakatimizda ilk bor hech qanday hujjatlarsiz 15-20 daqiqa ichida ajratiladigan onlayn mikroqarz xizmati, iyul oyida esa jismoniy shaxslar uchun moʻljallangan Aloqamobile ilovasi ishga tushirildi. Ayni paytda u orqali jismoniy shaxslar bir qancha xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Istalgan bank kartalariga oʻtkazmalar, 300 dan ortiq xizmatga onlayn toʻlovlar, davlat xizmati koʻrsatuvchi 24 ta tashkilotga toʻlovlar, QIWI, Webmoney va “Yandeks dengi” elektron hamyonlariga toʻlovlar, onlayn mikroqarz olish, omonat ochish, toʻldirish, valyuta konversiyasi, toʻlovlar monitoringi kabilar shular jumlasidandir.
2020-yil noyabr oyida esa ilovaning Zoomrad nomi bilan yangi versiyasi ishlab chiqilib, unda kartaga buyurtma berish, bank rekvizitlari orqali istalgan hisobraqamga toʻlov oʻtkazish, avtotoʻlov va tezkor toʻlovlar yaratish, kommunal xizmatlar balansini onlayn kuzatish, ID orqali maktabgacha taʼlim muassasalariga toʻlovlar qilish kabi funksiyalar qoʻshildi.
Xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va anʼanaviy xizmatlarni masofaviy xizmatlarga aylantirish maqsadida bank oʻzining dasturchilar jamoasini tashkil etdi. Endilikda amaldagi xizmatlarni avtomatlashtirish va yangi innovatsion ishlanmalarni autsorsing kompaniyalarni jalb qilmasdan, oʻz resurslari hisobiga amalga oshirmoqda.
Dasturchilar jamoasi mobil ilovalarni takomillashtirish, avtomatlashtirilgan skoring (1-noyabrdan faqat pasportning oʻzi bilangina kredit olish imkoniyati), kredit monitoring tizimlarini ishlab chiqish, onlayn buyurtma qilingan kartalardan xizmat haqini avtomat undirish va amaldagi xizmatlar hajmini kengaytirish maqsadida tashqi toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimlariga API yozish (AloqaExpress – tizimi mahalliy pul oʻtkazmalari, Maktabgacha taʼlim vazirligi uchun billing tizimi – endilikda bogʻchalarga onlayn toʻlov qilish imkoniyati mavjud) va boshqa bir qator loyihalar boʻyicha ishlamoqda.
Mijozga yoʻnaltirilgan ishlash tizimi
Bank tizimini isloh qilish strategiyasining asosiy yoʻnalishlari sifatida strategik investorlar, bozor tamoyillariga moslashtirish, davlat mablagʻlariga qaramlilikni yoʻqotib, teng raqobat sharoitini vujudga keltirish kabi masalalar belgilangan. Banklarning bu jarayonga oʻtishida esa ularning biznes modellarini oʻzgartirish va mijozga yoʻnaltirilgan ishlash tizimini joriy qilishning ahamiyati katta. Bu jihatlarni “Aloqabank” faoliyati va yutuqlarida koʻrish mumkin.
— Xususan, 2018-yil avgust oyida Oʻzbekiston amaliyotda birinchi marta UzAvtoSavdo mobil dasturi orqali avtomashina sotib olish uchun onlayn tarzda toʻlov qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi, — deydi bank boshqaruv raisi oʻrinbosari Farruh Mahkamov. — Keyinchalik ushbu tizim Markaziy bankning Munis tizimiga integratsiya qilindi va barcha mobil ilovalar orqali toʻlov qilish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, 2018-yil sentyabr oyida bank UnionPay International va UzCard toʻlov tizimlari bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda birinchi boʻlib kobeydj kartalarni muomalaga chiqardi. Ushbu kartalardan endilikda UnionPay International xalqaro toʻlov tizimining ham Oʻzbekistondagi, ham dunyoning 170 ta davlat va mintaqasidagi infratuzilmasida foydalanish mumkin.
Ushbu loyiha UnionPay International kompaniyasi tomonidan munosib baholanib, bank “Yil kashfiyoti 2018” nominatsiyasida gʻolib boʻldi, 2019-yil esa “Eng kreativ bank” nomiga munosib koʻrildi. Shu bilan birga, “Aloqabank” yurtimizdagi barcha tijorat banklari tomonidan emissiya qilinuvchi kobeydj kartalarning tranzaksiyalari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank hamdir.
— Yuridik shaxslarga moʻljallangan Aloqa business mobil ilovasi bugungi kunda aholining ogʻirini yengil qilishga koʻmak boʻlmoqda, — deydi Farruh Mahkamov. — 2019-yil dekabr oyida ishga tushirilgan ushbu dasturning boshqa bank ilovalaridan afzalligi shundaki, unda foydalanuvchi bitta akkaunt orqali oʻzining bir nechta tashkiloti hisobraqamlarini boshqarishi mumkin. Shu bilan birga, “Zolotaya korona” bilan hamkorlikda 19 ta davlatdan xalqaro pul oʻtkazmalarini onlayn tarzda Uzcard va Humo kartalariga qabul qilish xizmati joriy etildi.
Yoʻlkira toʻlash avtomatlashtirildi
2020-yil yanvar oyida Transport vazirligi hamda Yagona umumrespublika protsessing markazi bilan hamkorlikda jamoat transportlarida yoʻl haqini toʻlash boʻyicha avtomatlashtirilgan tizim yaratildi.
Birinchi bosqichda Toshkent shahridagi avtobuslar va barcha metro stansiyalari maxsus validatorlar bilan taʼminlandi. Bugungi kunda Toshkent metropolitenining barcha stansiyalarida, jamoat avtobuslarida transport kartalari, Uzcard, Humo, MIR kartalari, shuningdek, NFC texnologiyasi va QR kod orqali yoʻl haqini toʻlash mumkin.
Transformatsiyadan kutilayotgan natijalar
Tijorat banklarini xalqaro moliya institutlari koʻmagida transformatsiya qilishdan kutilayotgan asosiy natijalardan biri bank ishida yetarli darajada tajriba, bilim va obroʻga ega boʻlgan strategik investorlarni jalb qilgan holda qator tijorat banklarida davlat ulushini kamaytirish, faoliyatga xalqaro tajribani olib kirishdir. Qolaversa, kredit tashkilotlarini ularga xos boʻlmagan funksiyalarni bajarishdan, shuningdek, ortiqcha yuklamalardan ozod qilish orqali maʼmuriy yukni izchillik bilan bartaraf etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, tijorat banklarining biznes jarayonlarini avtomatlashtirish va masofaviy bank xizmati turlarini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish koʻzlanmoqda.
“Aloqabank”da bu borada qilinadigan ishlar talaygina. Mutasaddilarining soʻzlariga koʻra, bank hozir Rossiyaning yirik banklari bilan transchegaraviy pul oʻtkazmalari va masofaviy biometrik identifikatsiyani joriy qilish, elektron pullar hamda hamkor marketpleyslar orqali muddatli toʻlov tizimini yoʻlga qoʻyish kabi loyihalar ustida ish olib bormoqda.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, banklar transformatsiyasi orqali moliyaviy xizmatlarni olish aholi uchun juda sodda va qulay shaklga kelishi kerak. Bunda IT texnologiyalarning keng yoʻlga qoʻyilishi bilan bir qatorda xodimlarning malakasidan tortib muomalasigacha oʻzgarishi, yangicha yondashuvlarga mos boʻlishi juda muhimdir.
Davlat ulushi mavjud tijorat banklarini kompleks transformatsiya qilish natijasida moliyaviy xizmatlarning ommabopligi oshadi, moliya bozorida teng raqobat sharoitlari shakllanadi, kreditlash faqat bozor shartlariga boʻysunadi. Xizmat koʻrsatish modernizatsiyalashib, banklarning samarali infratuzilmalari yaratiladi, kamxarj xizmat koʻrsatish nuqtalari tarmogʻi rivojlanadi, faoliyat avtomatlashtiriladi, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlar keng joriy qilinib, bank tizimining moliyaviy barqarorlik darajasi koʻtariladi.
Sohiba MULLAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri