Taʼkidlanishicha, banklardagi omonatlar Fuqarolarning omonatlarini kafolatlash fondi tomonidan toʻliq hajmda kafolatlangani omonatchilar tomonidan bankning moliyaviy holati va faoliyat tavakkalchiligi bilan qiziqmasdan oʻz mablagʻlarini yuqori foizli omonatlarga joylashtirilishiga sabab boʻlmoqda.
Jahon banki ekspertlari tomonidan respublikamizdagi banklarning “Omonatlarni kafolatlashning samarali tizimi asosiy tamoyillari”ga muvofiqligi oʻrganilganda, 16 ta asosiy tamoyildan 8 tasi boʻyicha qoʻyilgan maqsadlarga erishish mumkin emasligi yoki bunday maqsadlarga zid qoidalar mavjudligi aniqlangan.
Qonun loyihasida omonatlarni kafolatlash tizimini isloh qilish, shu jumladan, bank tizimining uzoq muddatli barqarorligini taʼminlash, uni ilgʻor xorijiy tajriba va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish koʻzda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihada aholi va tadbirkorlik subyektlarining bank tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlash uchun iqtisodiy inqirozlarning salbiy oqibatlarini minimallashtirish maqsadida kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi (200 mln soʻm) belgilanmoqda. Mazkur yuqori chegarani belgilashda omonatlarning amaldagi holati toʻliq tahlil qilindi. Xususan, ushbu miqdor bugungi kunda mamlakatimizda 99,7 foiz omonatchilarning banklardagi mablagʻlari toʻliq kafolatlanishini taʼminlaydi.
Qonun tashabbuskorlarining maʼlum qilishicha, kafolatlangan omonat miqdorining cheklangani bilan banklar fuqaroviy javobgarlikdan ozod etilmaydi va ular omonatchilari oldida oʻzining mol-mulki bilan javobgar boʻlishadi. Bu omonatchilar pul mablagʻlarining kafolatlangan hajmdan oshgan qismini ham bankdan talab qilish huquqiga ega, degani.
Yigʻilishda tashabbuskorlar deputatlarning eʼtiborini yana bir muhim masalaga qaratishdi. Taʼkidlandiki, kafolatlangan omonat miqdorining yuqori chegarasi muayyan shaxsning faqat bitta bankdagi omonatiga tatbiq etiladi, yaʼni ushbu shaxs bir vaqtning oʻzida bir nechta banklarda oʻz omonatlariga ega boʻla turib, mazkur banklarning barchasi tugatilgan taqdirda ham qonun loyihasi bilan yaratilayotgan tizim barcha omonatlarni bir xilda kafolatlaydi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga toʻxtalib, unda nazarda tutilayotgan yangi normalar aholining bank tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga qaratilganini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, loyihani yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bank tizimi barqarorligini taʼminlash orqali aholi va tadbirkorlik subyektlarining mablagʻlari but saqlanishiga, ularning bank yopilib ketishi natijasida pul mablagʻlarini yoʻqotishdan qoʻrqmasdan oʻz biznesini yuritishiga, eng asosiysi, jamoatchilikning bank tizimiga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.









