Banklarga oʻrnatiladigan makroprudensial normativlarga doir talablar belgilandi

    “Banklarga oʻrnatiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha toʻlovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablar toʻgʻrisida“ gi nizom (roʻyxat raqami: 3618, 22.04.2025-y.) Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    Mazkur Nizom banklarga, shu jumladan mikromoliya banklariga (bank) qoʻyiladigan makroprudensial normativlar hamda ular tomonidan jismoniy shaxslarga beriladigan kreditlar (mikroqarzlar) boʻyicha toʻlovlarning eng yuqori qiymatlariga doir talablarni belgilaydi.

    Nizomga koʻra, banklarga oʻrnatiladigan makroprudensial normativlarga quyidagilar kiradi:

    — qarz yuki koʻrsatkichi;
    — kreditning garovga nisbati koʻrsatkichi;
    — kreditlar (mikroqarzlar) kesimida toʻplanish (konsentratsiya) koeffitsiyentlari.

    Bank tomonidan qarz oluvchiga kredit (mikroqarz) berilishida uning qarz yuki koʻrsatkichi 50 foizdan oshmasligi lozim.

    Shuningdek, bank tomonidan qarz oluvchiga beriladigan kredit (mikroqarz) boʻyicha foiz toʻlovlari hamda boshqa toʻlovlar yigʻindisi kreditning (mikroqarzning) asosiy qarz qoldigʻiga nisbatan kunlik 0,25 foizdan oshmasligi lozim.