Bankomatlardagi naqd pul yetishmayotgani rostmi?

    Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardagi naqd pul yetishmayotgani bilan bog'liq tarqalgan xabarlar bo'yicha izoh berdi.

    Ta'kidlanishicha, joriy yilning mart oyi ikkinchi yarmidan boshlangan milliy valyuta – “so'm”da naqd pulga bo'lgan talabning keskin ortishi natijasida Markaziy bank tomonidan muomalaga mart oyida 1 trln. 119 mlrd. so'm, aprel oyida 6 trln. 343 mlrd. so'm, may oyining o'tgan 11 kunida 1 trln. 100 mlrd. so'm qo'shimcha naqd pullar chiqarildi.

    Jumladan, mart-aprel oylarida qo'shimcha chiqarilgan naqd pullarning 8 trln. so'mi aholining naqd chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlashga bo'lgan keskin oshgan talabini (ushbu 2 oylik talab odatdagi 11,1 trln. so'mdan 19,3 trln. so'mga etgan), 4-4,5 trln. so'mi bank kartalaridagi mablag'larni naqdlashtirishga bo'lgan qo'shimcha talabni (17 trln. so'mdan 22 trln. so'mga etgan) qondirishga yo'naltirildi.

    2021-yilning mart-may oylarida Markaziy bank tomonidan muomalaga qo'shimcha ravishda 2,5 trln. so'm naqd pul chiqarilgan bo'lsa, joriy yilning mart-aprel` oylarining o'zida (may oyini hisobga olmaganda) bu ko'rsatkich 3 barobarga oshdi.

    Markaziy bank tomonidan joylardagi banklar filiallari va bankomatlarni naqd pul bilan ta'minlash borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda va aholining naqd pulga bo'lgan talabini to'liq qondirish uchun barcha imkoniyat va zahiralari mavjud.

    Yuzaga kelayotgan qisqa muddatli uzilishlar naqd pullarni joylarga yetkazib berish, ya'ni logistikasi va bankomatlarga joylashtirish bilan bog'liq ekanligini hamda mazkur masala Markaziy bank tomonidan nazoratga olinganligini ma'lum qidi.

    Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari tomonidan aholining tovarlarni xarid qilishlarida va xizmat ko'rsatishda bank kartalari orqali hisob-kitoblarda to'lov terminallaridan to'laqonli va uzluksiz foydalanishlari ushbu muammolarga barham berilishiga ko'mak beriladi.