Barcha attraksionlarda ogohlantirish vositalari boʻlishi kerak

    Urbanizatsiya 29 Noyabr 2022 1719

    Attraksionga kirish joyi oldida sogʻligʻi, yoshi, boʻyi va vazni boʻyicha attraksiondan foydalanishga oid cheklovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirilishi lozim.

    Hukumat qarori (677–son, 28.11.2022-y.) bilan Attraksionlar xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi.

    Reglamentga koʻra, attraksion boshqarish tizimlari ogohlantirish signalizatsiyasi va xavfli vaziyatlar vujudga kelishiga olib keladigan attraksion ishlashidagi nosozliklar haqida ogohlantirish uchun boshqa vositalarni oʻz ichiga oladi.

    Attraksionning ishlashidagi nosozliklar haqida ogohlantirish vositalari operator tomonidan maʼlumotlarning xatosiz, ishonchli va tez qabul qilinishini taʼminlashi lozim.

    Attraksionni ishga tushirish, shuningdek, toʻxtatilgandan keyin qayta ishga tushirish faqat ishga tushirishni boshqarish organi orqali amalga oshiriladi.

    Attraksionlarning harakatlanuvchi qismlari ular shikast yetkazishi mumkin boʻlgan zonalarga odamlar kirishining oldini oluvchi toʻsiqlar bilan jihozlangan boʻlishi zarur.

    Attraksionning barcha toʻsiqlari shunday mahkamlangan boʻlishi kerakki, ular faqat asboblar yordamida ochiladigan boʻlishi shart. Toʻsiqlarning eshiklari qulflanuvchi moslama bilan jihozlanishi kerak.

    Zanjir, arqon yoki kamarning yigʻish birligi hisoblanmaydigan har bir qismi tamgʻalangan boʻlishi, agar buning iloji boʻlmasa, ishlab chiqaruvchi nomi va uning joylashgan joyi koʻrsatilgan taxtacha yoki yechilmaydigan halqaga ega boʻlishi kerak.

    Attraksionga kirish joyi oldida sogʻligʻi, yoshi, boʻyi va vazni boʻyicha attraksiondan foydalanishga oid cheklovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirilishi lozim.

    Har bir foydalanilayotgan attraksionga kirish joyi oldida soʻnggi yillik tekshiruv oʻtkazilgan sana va keyingi yillik tekshiruvni oʻtkazish sanasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi axborot taxtachasi joylashtirilishi kerak.