Sessiyada shahar hokimi oʻrinbosari, Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Abdulaziz Isroilov ham joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berdi.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda shaharda jami 128 ta kanal va kollektorlar mavjud boʻlib, ularning 16 tasi magistral, 24 tasi xoʻjaliklararo, 80 tasi xoʻjalik ichki kanallari hamda 8 tasi kollektorlardan iborat, ularning umumiy uzunligi 403 km. Bundan tashqari, Toshkent viloyatidan shahar hududiga qoʻshilgan hududlarda jami 88,5 km uzunlikdagi 19 ta xoʻjaliklararo kanallar ham mavjud.
Asosiy eʼtibor aholi dam olishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida kanallar atrofini obodonlashtirishga qaratilmoqda. Xususan, Qoraqamish kollektorining Yunusobod tumani Kichik halqa avtomobil yoʻlidan Baraka koʻchasigacha boʻlgan 1,4 km qismida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, qirgʻoq boʻyi hududida sayilgoh tashkil etildi.
Xususan, piyodalar uchun koʻpriklar, bolalar oʻyingohi va sport maydonchalari, velosiped yoʻlagi, favvora barpo etildi. Oʻrindiqlar, shaxmat stoli, charxpalak oʻrnatildi. Daraxtlar ekilib, chimlar yotqizildi.
Shu bilan birga, Qorasuv kanalining Mirzo Ulugʻbek, Yashnobod va Mirobod tumanlari hududidan oʻtgan jami 4,9 km qismi, Anhor kanalining Muqimiy koʻchasidan Choʻponota koʻchasigacha boʻlgan 1,7 km qismi, Salar kanalining Bobur koʻchasidan Kichik halqa avtomobil yoʻligacha boʻlgan 2,4 km qismida obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, Uchtepa tumanidan oqib oʻtuvchi Boʻzsuv kanalining Farhod koʻchasidan Kichik halqa avtomobil yoʻligacha boʻlgan 3,5 km qismi, Jun kanalining Yangihayot tumani Katta halqa avtomobil yoʻlidan Sergeli-1 bekatigacha boʻlgan 1,7 km qismi, Katta Kalkauz kanalining Shayxontohur tumani Anhor boʻyi koʻchasidan Taxtapul koʻchasigacha boʻlgan 1,4 km qismi, Olmazor tumanidan oqib oʻtuvchi Damashi kanalining Sagʻbon koʻchasidan Kichik halqa avtomobil yoʻligacha boʻlgan 3,4 km qismida obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etish boʻyicha loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, sessiyada deputatlar tomonidan issiqlik taʼminotini yanada takomillashtirish, joriy yildagi mahalliy byudjetning qoʻshimcha daromadlarini xarajatlarga yoʻnaltirish, rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish va boshqa bir qator masalalar koʻrib chiqilib, maʼqullandi.
Sessiya yakunida muhokama etilgan barcha masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.