“Mahalla yettiligi” har bir mahallada 30 tadan kambagʻal oila xonadoniga 20 tupdan, 20 ming yakka yolgʻiz keksalar xonadoniga 10 tupdan mevali daraxtlar tarqatadi. Shuningdek, yettilik oʻziga biriktirilgan koʻchalarda jami 6 million dona manzarali daraxt, koʻchalar, uylar, koʻp qavatli uylar atrofiga jami 3 million mevali va manzarali daraxt ekishni tashkillashtirishi muhimligi qayd etildi.
Taʼlim tizimi rahbarlariga 20 mingdan ziyod bogʻcha, maktab, oliygoh va shifoxonalar hududida 2,5 million dona koʻchat ekishni tashkil qilish topshirildi. Yoshlar ishlari agentligi 155 ming yoshlarga boʻlib berilgan 60 ming gektar yerda jami 1,5 millionta mevali daraxt ekishga koʻmaklashadi.
Barcha mahallalarda koʻchat yarmarkasini tashkil qilib, 30 millionta koʻchat yetkazib berish muhimligi taʼkidlandi.
Televideniye, radio, gazeta va ijtimoiy tarmoqlarda daraxt ekish nuroniylar, mahalla faollari, jamoat arboblari, sanʼatkor va sportchilar ishtirokida keng targʻib qilinsa, ishlarning samarasi bundan-da yuqori boʻlishi taʼkidlandi.
Prezidentimiz aholini daraxt ekishga jalb qilish boʻyicha yaxshi tajribalar koʻpayayotganini qayd etib, toʻlov tashkilotlari va elektron savdo platformalarining bunday loyihalarini qoʻllab-quvvatlash zarurligiga eʼtibor qaratdi.