Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hukumat qaroriga muvofiq tibbiyot tashkilotlari tomonidan aholiga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi bilan bevosita bogʻliq qator qoʻshimcha talablar joriy qilinmoqda.
Jumladan, Tibbiy faoliyatni litsenziyalash pasportiga litsenziya talablari va shartlari sifatida quyidagi qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Statsionar turdagi nodavlat tibbiyot tashkilotida operatsiya boʻlimi tashkil etilgan taqdirda:
— ixtisosligi boʻyicha kamida birinchi malakaviy toifaga ega boʻlgan operatsiya qiluvchi xirurg;
— anesteziolog-reanimatolog;
— xirurgiya ixtisosligi boʻyicha malakaviy toifaga ega boʻlgan assistent vrach;
— kamida birinchi malakaviy toifaga ega boʻlgan anesteziologiya-reanimatologiya va operatsiya xonasi hamshirasi boʻlishi kerak.
Bularga mos boʻlmaslik esa ushbu talabni qoʻpol ravishda buzish, deb hisoblanadi.
Shuningdek, operatsiya va jonlantirish (reanimatsiya) xonalariga ovoz va video yozib olish imkoniyati mavjud kameralar oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Mazkur yozuvlar kamida bir yil davomida litsensiatda saqlanishi hamda videoyozuvdagi axborotning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydigan (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno) shifokor sirining himoya qilinishi imkoniyatini yaratish talab etiladi.
Bu qoʻshimcha talab esa ham bemor, ham shifokor huquqlarini himoya qilishga xizmat qilib, mahalliy tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va «xavfsiz tibbiyot» standartlarini joriy qilish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.
Tibbiy faoliyatni litsenziyalashning yangilangan pasportidagi shu va boshqa talablar 2025-yilning 1-yanvar kunidan kuchga kiradi.