Barcha toʻlovlar onlayn rejimda amalga oshiriladi

    Raqamlashtirish 6 Oktabr 2020 1142

    2020-yil 5-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF–6079-sonli “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

    Farmon bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    - “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”;

    - 2020–2022-yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari.

    Belgilangan yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish dasturlari doirasida, jumladan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning turli sohalarida 400 dan ortiq axborot tizimlari, elektron xizmatlar va boshqa dasturiy mahsulotlar joriy etiladi.

    Farmon bilan 29 ta namunaviy tuman (shahar)larda 2020-yilda va 2021-yil I choragi yakuniga qadar raqamli transformatsiya qilish loyihalari amalga oshiriladi.

    2020-yil 1-noyabrdan investitsiya loyihalari hamda jalb etilayotgan xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar mablagʻlarining 5 foizdan kam boʻlmagan qismi “raqamli” komponentlarga yoʻnaltiriladi.

    Farmonga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda Adliya vazirliklari va ular tasarrufidagi tashkilotlarda “Raqamli idora” loyihasi amalga oshiriladi.

    Loyiha doirasida, jumladan, 2022-yil 1-yanvarga qadar qogʻozsiz elektron hujjat almashinuvi va ish yuritishni tashkil qilgan holda barcha maʼmuriy tartib-taomillar va operatsion jarayonlar raqamlashtiriladi.

    2021-yil 1-avgustdan davlat bojlari, yigʻimlar, jarimalar va boshqa majburiy toʻlovlarni onlayn rejimda toʻlash imkoniyati yaratiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.