Barcha tumanlarda “IT-School”lar ochildi

    O'quv markazlarda yiliga 10800 nafar yoshlar o'qitilib, “IT-Park” sertifikatini oladi.

    “Namangan tajribasi” sifatida barcha tumanlarda “IT-School”lar ochildi. Bugun Namangan shahrida tashkil etilgan o'quv markazining ochilishiga yig'ildik. Bunday dargohlar 12 hudud yoshlari o'z atrofida birlashtiradi.

    9,5 mlrd so'mdan ziyod mablag' hisobiga Namangan shahar va barcha tumanlardagi 12 ta kasb-hunar kollejlarida yangi zamonaviy ta'mirlangan, mebel`, komp`yuter va orgtexnika qurilmalari bilan jihozlangan “IT-School” o'quv markazlari tashkil etildi. Ularning umumiy maydoni 3 ming 817 kv.metrni tashkil etib, mebel` jihozlari, ortexnika va 490 ta zamonaviy komp`yuter bilan jihozlangan.

    Bu markazda o'tkaziladigan mashg'ulotlarda to'rtta eng kerakli mutaxassislik — ma'lumotlarni tahlil qilish, android ilovalar, veb-ilovalar va dasturiy ta'minot ishlab chiqish bo'yicha bilim beriladi.

    Viloyatdagi 12 ta “IT-School” o'quv markazlariga Respublika “IT-Park” tomonidan 5-6 nafardan, jami 72 nafar o'qituvchi trenerlar ishga olinadi.

    O'qitish jarayoni Hindiston davlati bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “IT-Park” metodikasi asosida tashkil etiladi.

    “Bir million dasturchi” loyihasi ijtimoiy ahamiyatga egaligini hisobga olib, boshlang'ich o'quv kurslari bepul, dasturlash va grafikani chuqur o'rgatuvchi kurslarga esa 175 ming so'm to'lash belgilangan.

    Holbuki, xususiy sektorda bunday kurslarning narxi 1 milliondan 3 million so'mgachani tashkil etadi. O'quv markazlarda yiliga 10800 nafar yoshlar o'qitilib, “IT-Park” sertifikatini oladi. Dasturlash kurslarini muvaffaqiyatli o'tagan yoshlarni “IT-Park” Namangan filialiga frilanser va rezident sifatida o'tkaziladi.

    Anvar IKROM,

    “Namangan turizm” boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari