Oʻtgan yil dekabr va joriy yil fevral oylarida mazkur sport oʻyinlarida boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan 14 ta musobaqaning 6 tasi yuqori saviyada tashkil etildi.
Musobaqaning respublika final bosqichi birinchi musobaqasi dekabr oyida dzyudo boʻyicha tashkil etilib, unga Nukus shahri mezbonlik qilgan edi. Ikkinchi musobaqa Jizzax shahrida yengil atletika boʻyicha tashkil etildi va uchinchi musobaqa kurash boʻyicha Buxoroda boʻlib oʻtdi.
Qisqa tanaffusdan soʻng fevral oyida Xorazm viloyatida voleybol boʻyicha qizlar oʻrtasida, ushbu sport turi boʻyicha oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi musobaqa Toshkent shahrida va hozircha soʻnggi musobaqa gandbol boʻyicha oʻgʻil bolalar oʻrtasida Andijon viloyatida oʻtkazildi.
Maʼlumki, 12 ta sport turidan oʻtkaziluvchi “Barkamol avlod” sport oʻyinlarining respublika final bosqichi yakunida 14 ta hududning har bir musobaqa davomida toʻplagan ochkolari hisobiga koʻra, umumjamoa hisobida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan hudud aniqlanadi. Oʻtkazilgan 6 ta musobaqadan soʻng, yakuniy jadvalni xorazmlik sportchilar 66 ochko bilan boshqarib turibdi. Eʼtiborlisi, Xorazm terma jamoasi vakillari biror marta ham musobaqada umumjamoa hisobida 1-oʻrinni qoʻlga kiritmagan, lekin ular oʻtkazilgan 6 ta musobaqani 5-marta kuchli toʻrtlikda yakunlashning uddasidan chiqdi. Shu sababdan xorazmliklarning toʻplagan ochkolari salmoqli koʻrinishga ega.
Jadvalning ikkinchi oʻrnidan 65 ochko bilan Samarqand viloyati vakillari joy olgan. Ular oʻtkazilgan musobaqalarda 1-marta 2-oʻrinni va 3-marta 3-oʻrinni egallashgan.
Jadvalning uchinchi oʻrnidan bir yoʻla ikki hudud joy olgan. Buxoro va Fargʻona viloyati sportchilari hozircha bir xil – 63 ochko jamgʻargan. Bunda buxoroliklarning kurash va yengil atletika boʻyicha oʻtkazilgan musobaqalarda umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgani asosiy omil boʻlib turgan boʻlsa, fargʻonaliklar voleybol musobaqalarida ham qizlar, ham oʻgʻil bolalar oʻrtasida eng kuchli jamoa ekanliklarini isbotlashdi.
“Barkamol avlod-2021” sport oʻyinlarining respublika final bosqichi yakuniga qadar 7 ta sport turi boʻyicha yana 8 ta musobaqa oʻtkaziladi. Shu boisdan ushbu jadvalda hududlar bir necha marta oʻzaro oʻrin almashishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, final bosqichi yakunida jadvalning yuqori uchligidan oʻrin olgan hududlarning sportchi-yoshlariga Prezident sovrinlari topshiriladi.











