Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi: oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalari muhokama etildi

    Agrosektor 8 Noyabr 2023 1441

    Xabaringiz bor, Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida Senat qoʻmitalarida soha va tarmoqlar doirasida muhokamalar tashkil etilyapti.

    Jumladan, 8-noyabrda Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi hamda BMTning Oʻzbekistondagi agentliklari bilan hamkorlikda “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish” mavzusida seminar tashkil etildi.

    Unda xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar vakillari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari, milliy ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Seminarda mamlakatimizda aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni, jumladan, goʻdaklarni muvozanatli va sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, 2030-yilga borib 5 yoshgacha boʻlgan bolalarda boʻy va vaznning sekin oʻsishiga olib keladigan toʻyib ovqatlanmaslikning barcha koʻrinishlariga barham berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida muhokamalar olib borildi.

    Mamlakatda oʻsmir qizlar, homilador va emizikli ayollar hamda keksalarning oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyoji qay darajada qondirilayotgani, qishloq xoʻjaligida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishning oʻrtacha unumdorligini va mahsulot yetishtiruvchilar daromadini koʻpaytirish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani boʻyicha vazirlik va idoralarning maʼruzalari tinglandi.

    Shuningdek, seminarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish samaradorligini oshiradigan barqaror oziq-ovqat ishlab chiqarish tizimlarini va usullarini joriy etish, sohada salohiyatni oshirish, ilmiy-tadqiqotlar va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish, sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali investitsiya kiritishni koʻpaytirish borasida koʻrilayotgan choralar ham muhokama etildi.

    Taʼkidlanganidek, salbiy oqibatlarga oziq-ovqat xavfsizligi bilan bogʻliq muammolar, jumladan, hosildorlikning pasayishi, suv tanqisligining oshishi, yerlarning degradatsiyasi, kasallanishning oshishi va boshqalar kiradi.

    Oʻzbekiston uchun ichki xavflar asosan aholining sezilarli darajada yuqori oʻsish surʼatlaridan kelib chiqadi. Soʻnggi 30 yil ichida aholi soni 15 millionga koʻpayib, bugungi kunda 36 milliondan oshdi. Prognozlarga koʻra 2030-yilga kelib Oʻzbekiston aholisi 40 million kishiga yetadi va bu Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisining deyarli yarmini tashkil etadi.

    Suv resurslarining kamayishi, shu jumladan iqlim oʻzgarishi natijasida kamayishi suv resurslarini boshqarish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va qoʻshimcha suv manbalarini topish boʻyicha faol choralarni talab qiladi. Yerlarning degradatsiyasi va choʻllanish tendensiyalari qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishi va ekologik barqarorlikka salbiy taʼsir qiladi.

    Oʻzbekiston soʻnggi yillarda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha eng yuqori natijaga erishgan 10 ta davlat orasida yuqori oʻrinni egallab kelyapti. Poliz ekinlari, kartoshka, sabzavot, uzum, meva, rezavorlar va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish sezilarli darajada oshdi. Yer munosabatlari sohasida salmoqli ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, 200 ming gektar ekin maydonlari dehqonlar ixtiyoriga topshirildi va bu oʻz oʻrnida qoʻshimcha oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hamda minglab qishloq aholisining bandligini taʼminlash imkonini beryapti.

    Seminarda qayd etilganidek, soʻnggi yillarda paxta va uzum hosildorligini sezilarli darajada oshirishga erishildi, biroq qurgʻoqchilik darajasi ortishi va yuzaga kelayotgan iqlim anomaliyalari tufayli bir qator asosiy qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hosildorligida pasayish kuzatilyapti. Xususan, poliz ekinlari hosildorligi 17 foizga, sabzavot hosildorligi 14 foizga, don va makkajoʻxori 6 foizga, kartoshka qariyb 3 foizga, bugʻdoy hosildorligi 1,5 foizga kamaygan.

    Seminarda muhokama etilgan masalalar yuzasidan Barqaror rivojlanish maqsadlari bajarilishini baholash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq muammolar va yangi tendensiyalarni hal etish sohasida texnik bilim va ilgʻor tajriba almashindi. Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish boʻyicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.