2021-yil 24-iyun kuni Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi doirasida mavzuga doir sessiyalar oʻtkazildi. Xususan, ishtirokchilar barqaror rivojlanish sari jahon parlamentlari oʻrtasida xalqaro muloqotni va global hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalasini koʻrib chiqdilar.
Sessiyani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi R. Alimov, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori vazifasini bajaruvchi M. Lemuan olib bordi.
Hamkorlik BMTning barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlariga erishishning muhim shartlaridan biri ekani taʼkidlandi. Jahon parlamentlari oʻrtasida tizimli xalqaro muloqot va global hamkorlikni yoʻlga qoʻyish 2030-yilgi kun tartibi maqsadlarini amalga oshirishda eng katta samaraga erishishga imkon beradigan ustuvor va muhim yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.
Soʻnggi 4 yil ichida tashqi siyosat va parlamentlararo aloqalarni kengaytirish boʻyicha Oʻzbekiston parlamentining faolligi sezilarli darajada oʻsdi.
2020-yilda parlament palatalari Kengashlarining qoʻshma qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining Parlament diplomatiyasi konsepsiyasi qabul qilindi, uning maqsad va vazifalari Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos keladi va BRM sohasida parlament xalqaro faoliyatini amalga oshirishning qator istiqbolli mexanizmlarini nazarda tutadi.
2021-yil aprel oyida palatalar Kengashlarining “Parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni yana-da faollashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qoʻshma qarori qabul qilindi, unda YEXHT PA, MDH PA, PI va TurkPA bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejalari tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Oliy Majlisi chet davlatlar parlamentlari bilan ikki tomonlama formatda faol hamkorlik qilmoqda. Tomonlar xalqaro saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirmoqda va xalqaro parlamentlararo tashkilotlarda BRM boʻyicha nuqtayi nazarlarni kelishib olmoqda, shuningdek qoʻyilgan vazifalarni samarali amalga oshirish mexanizmlari boʻyicha tajriba almashmoqda.
Sessiyada global muammolarni hal qilishda maksimal darajada taʼsir koʻrsatish va xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, 2030-yilgi kun tartibida xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
axborot xizmati