Barqaror rivojlanish: yutuqlar va istiqbollar

    Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida “Yangi Oʻzbekistonning Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM): yutuqlar va istiqbollar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Mazkur konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekistondagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamkorligida tashkil etildi.

    Unda asosiy maʼruzachilar sifatida taniqli olimlar, davlat va xususiy sektor, xalqaro agentliklar, idoralar va tahlil markazlari vakillari, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini hal qilish xalqaro assotsiatsiyasi (SDSN) prezidenti profesor Jeffri D.Saks, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari doktor Sodiq Safoyev, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyoti dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, Adelaida universiteti professori Richard Pomfret (Avstraliya), Dyuk universiteti professori Charls Beker (AQSH) ishtirok etdi.

    Konferensiya Oʻzbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda islohotlarning ahamiyatini muhokama qilish, bilim va tajriba, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish strategiyalari natijalarini almashish hamda oʻzaro hamkorlik uchun yoʻl xaritalarini belgilab olish maqsadida oʻtkazildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, 2015-yil sentyabrda Oʻzbekiston dunyoning boshqa mamlakatlari kabi, 2030-yilgacha barqaror rivojlanish sohasidagi chora-tadbirlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirib, barqaror, keng qamrovli va izchil iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy integratsiya hamda atrof muhit muhofazasi, shuningdek, sayyorada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga koʻmaklashish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan.

    Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 20-oktyabrdagi 841-son qarori qabul qilingan.

    Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) qashshoqlik va ochlikni butunlay yoʻq qilish, mamlakatlar va ular oʻrtasida tengsizlikni kamaytirish, sogʻlom turmush tarzi, adolatli va sifatli taʼlimni hamda butun umr davomida barcha uchun taʼlim olish imkoniyatini yaratish, gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan.

    Shuningdek, izchil, keng qamrovli va barqaror iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish, barchani toʻliq va sermahsul ish bilan taʼminlash, uy-joyga ega boʻlish va “yashil iqtisodiyot”ni keng joriy etish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash va odamlarning hayot sifatini yaxshilash bilan bogʻliq boshqa muhim masalalarga yoʻnaltirilgan.

    Konferensiyaning ikkinchi qismida yoshlar vakillari “Yoshlar soʻzlari bilan aytganda milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish: ijtimoiy va innovatsion loyihalar” mavzusida oʻz taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

    Konferensiya orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish jarayonida xalqaro ilgʻor tajribalar koʻrib chiqilib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazkur maqsadlar bilan bogʻliqligi koʻrib chiqildi. Shuningdek, bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga xalqaro ekspertlarning bahosi va fikri olindi.

    Shu bilan birga, xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar, xususan, Markaziy Osiyo/Oʻzbekiston boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari, milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish va monitoring qilishda yoshlar ishtirokining ahamiyatiga eʼtibor qaratildi.

    Bundan tashqari, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ular tahliliga bagʻishlan ingliz tilida kitob yozish boʻyicha ish boshlangani eʼlon qilindi hamda uni joriy etish rejalashtirilayotgan “BRMning yosh elchilari” dasturi koʻrib chiqildi.

    Oliy Majlis Senati axborot xizmati