2025-yil jahon maydonida ham, yurtimiz hayotida ham qizgʻin kechdi. Koʻpchilik oʻtgan yilni mamlakatimiz taraqqiyotining shiddatli, yangi bosqichiga qadam qoʻyilgani, dunyo sahnida yangi Oʻzbekiston nomining yana bir pogʻona koʻtarilishi sifatida yuqori baholadi. Oʻtgan yilda barcha sohalarda erishilgan yutuqlar, olamshumul voqealar, yurtimiz sportida qoʻlga kiritilgan tarixiy gʻalabalar, yirik xalqaro tadbirlardagi Oʻzbekiston tashabbuslari va ularning toʻla tan olinishi buni tasdiqlaydi.

Tarixda ilk bor futbol boʻyicha milliy terma jamoa­miz jahon chempionatiga chiqdi. Yurtimiz boʻylab yangi, zamonaviy inshootlar qurib bitkazildi, qator mahobatli binolar, sayyohlik maskanlari, gastronomik koʻchalar ochildi. Mamlakatimiz 2025-yil bir qancha nufuzli tadbirlarga mezbonlik qilib, jahon hamjamiyati eʼtiborida boʻldi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirishga, yanada yaqinlashtirishga qaratilgan tashabbuslar dunyo maydonida tarixiy harakatlar sifatida tilga olinmoqda.

Iqtisodiy koʻrsatkichlarimiz ham oʻsishda davom etyapti. Jahondagi keskin vaziyatlar, moliyaviy murakkabliklar, xalqaro bozordagi tebranishlarga qaramay, mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini saqlash, hatto oshirishga erishildi.

Har bir soha vakili 2025-yilni “bizning yilimiz” boʻldi deyishiga arzirli misollar koʻp. Yurtimiz tadbirkorlari, ishbilarmonlar ham shunday fikrda. Oʻtgan yil har qachongidan koʻra faolroq kechgani nafaqat raqamlarda, balki mamlakatimiz hayotida ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Yangidan yangi korxonalar ochilib, loyihalar amalga oshirilayotgani, ming­lab odamlar bandligi taʼminlanayotgani shunchaki gap emas. Jahon bozorida Oʻzbekiston milliy brendi shakllanib, oʻzimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar yangi bozorlarga kirib borayotgani ham aytishga arzigulik natijalardir.

Hozir koʻpchilik qoʻshimcha daromad topish maqsadida biror biznesga qoʻl uryapti. Chunki barcha yoʻllar ochiq, biznesga hech qanday toʻsiq yoʻq. Gapning dangalini aytganda, bugun tadbirkorning zamoni keldi. Buni har bir ishbilarmon oʻzida his qilyapti, amalda isbotini koʻryapti.

Natijalar ham shunga yarasha boʻlishi kerak. Yakunlangan yil mamlakatimiz tadbirkorlari uchun qanday kelgani, jahondagi va milliy iqtisodiyotdagi oʻzgarish­lar ularning faoliyatiga qanchalik taʼsir koʻrsatgani, yil boshidagi kutilmalar oʻzini qanchalik oqlagani bilan qiziqdik.


Bu yil dunyo bozoriga chiqamiz

  Husniddin GAPPAROV, Navoiy viloyatidagi “Xovandamir Holding” MCHJ rahbari, “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibi:

— Yilni ezgu niyatlar, katta maqsad va vazifalar bilan boshlash xalqimizga xos qad­riyatdir. Har bir yil inson hayotida muayyan tajriba, sinov va xulosalar bilan yodda qoladi. Muhimi, roʻy bergan voqealardan toʻgʻri xulosa chiqarib, ularni kelgusi faoliyat uchun poydevorga aylantira olishdir. Bu, ayniqsa, tadbirkorlikda muhim jihat. Zero, biznesda doim barqaror rivojlanish boʻlavermaydi, soha turli sinov va tavakkalchiliklarni ham oʻz ichiga oladi.

2025-yil “Xovandamir Holding” uchun aynan shunday sinov va imkoniyatlarga boy boʻldi. Jahon bozoridagi beqarorlik va tashqi iqtisodiy omillarga qaramay, ishlab chiqarish jarayonlarida barqarorlikni saqlab qolishga erishdik. Korxonalarimizda bosqichma-bosqich zamonaviy texnologiyalar joriy etildi, ichki boshqaruv va nazorat tizimlari takomillashtirildi. 2025-yil

boshida belgilangan rejalarimizning asosiy qismi amalda roʻyobga chiqdi. Ayrim loyihalar tashqi omillar sabab kechikkan boʻlsa-da, bu ham biz uchun muhim tajriba boʻldi, kelgusida ishlarni yanada puxta rejalashtirish zarurligini koʻrsatdi. Eng muhimi, oʻtgan yilni ijobiy natijalar bilan yakunladik va strategik yoʻnalishimiz toʻgʻri tanlanganini amalda koʻrdik.

Bugungi kunda xolding tarkibida mebel va metall mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish va AT yoʻnalishlarida faoliyat yurituvchi bir qancha korxona muvaffaqiyatli ishlamoqda. Mazkur sohalarning barchasi mamlakatimizda jadal rivojlanib, yuqori raqobat muhiti shakllangan tarmoqlar hisoblanadi. Shunday sharoitda mahsulotlarimizning sifat va dizayn jihatdan xalqaro brendlar bilan raqobatlasha olayotgani bizni quvontiradi. Shu bilan birga, bozorda kuchayib borayotgan raqobat muhiti korxonalarni doimiy izlanish, mahsulot sifatini oshirish va isteʼmolchilar ehtiyo­jiga mos takliflar yaratishga undamoqda.

Zero, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va mijozlar talabini toʻliq qondirish faoliyatimizning ustuvor vazifasidir. Keyingi yillarda ishlab chiqarish quvvatlari bosqichma-bosqich kengaytirilib, yillik hajmlar izchil oshib boryapti. Bugungi kunda korxonalarimizda 150 dan ortiq kishining doimiy bandligi taʼminlangan. Bundan tashqari, hamkor tashkilotlar orqali bilvosita yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Hozirgi bosqichda asosiy eʼtibor ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan taʼminlashga qaratilgan boʻlsa-da, joriy yildan eksportni yoʻlga qoʻyish va xorijiy bozorlarga chiqish ham rejalashtirilgan.

Mamlakatimizdagi keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, zamonaviy qurilish loyihalari va sanoat tarmoqlari rivoji mebel hamda metall mahsulotlarga talab ortishiga xizmat qilmoqda. Keyingi yillarda AT xizmatlarga ehtiyoj ham sezilarli darajada oshdi. Bu, avvalo, iqtisodiyot va boshqaruv tizimlari raqamlashtirilishi, ilgʻor texnologiyalar keng joriy etilishi bilan bogʻliq.

Umuman olganda, 2025-yil yurtimiz tadbirkorlari uchun samarali boʻldi. Global va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlar xomashyo taʼminoti, logistika va moliyaviy rejalashtirishda ehtiyotkorlikni talab etdi. Shu bilan birga, bu jarayonlar tadbirkorlarni ichki imkoniyatlarga tayangan holda samaradorlikni oshirishga undadi.

Ayni paytda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sanoatni rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu real sektor faoliyatida ham yaqqol sezilyapti. Natijada tadbirkorlar zimmasidagi masʼuliyat yanada ortib, milliy brendlar nufuzini mustahkamlash, xalqimiz farovonligiga hissa qoʻshish muhim vazifaga aylandi.

Xulosa qilib aytganda, 2025-yil yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotida barqaror rivojlanish va ichki ishlab chiqarishni mus­tahkamlash yili sifatida yodda qoldi. Oldimizda esa yanada ulkan vazifalar turibdi. Kelgusi davrda ishlab chiqarish hajmini oshirish, zamonaviy uskunalar olib kirish, mahsulot turlarini kengaytirish, raqamli boshqaruv tizimlarini joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash hamda eksport geografiyasini kengaytirishni maqsad qilganmiz.


Yuksak sharaf va masʼuliyat ramzi

 

Lola MIRZAYEVA, Xorazmdagi “Khiva Plaza” MCHJ rahbari, “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibi:

— Oʻzbekistonda turizm haqida gap ketsa, Samarqand, Buxoro va boshqa hududlardagi bir nechta tarixiy obidalarimizgina tilga olinardi. Hozir turizm yoʻnalishi mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan tarmoqlardan biriga aylangan. Bunyod etilayotgan yangi va zamonaviy sayyohlik manzillari, dam olish maskanlari, “Arda Xiva” singari yirik loyihalar xorijliklar qiziqishini tobora oshiryapti. Oʻtgan yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 10,7 milliondan oshgani buning isboti. Shu jihatdan 2025-yil mamlakatimiz iqtisodiyotida barcha sohalar qatori turizm yoʻnalishining yangi bosqichga koʻtarilgani bilan ham tarixda qoldi.

Turizm rivoji oʻz-oʻzidan xizmatlar sohasiga talabni oshiradi. Sayyohlar keladigan joylarda mehmonxonalar, ovqatlanish va savdo markazlari boʻlishi kerak. Buning ortidan valyuta tushumlari koʻpayadi, hududlarda infratuzilma, xizmat koʻrsatish sohalari rivojlanadi, yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Oʻzim 25 yildan beri turizm va mehmonxona boshqaruvi sohasida faoliyat yuritib kelaman. Yiliga 25 ming chet ellik sayyohga mehmonxona xizmatlarini koʻrsatamiz. Mehmonxonamizning konferensiya zallarida yil davomida oʻnlab xalqaro tadbirlar oʻtkaziladi. Oʻtgan yilda umumiy xizmatlarimiz hajmi 30 milliard soʻmga yetdi. Bu koʻrsatkich 2024-yildagiga nisbatan 10 foiz yuqori. Gap shundaki, Xiva azaldan sayyohlar uchun qiziqarli boʻlganiga qaramay, avvallari bu yerda tarixiy obidalar atrofida zamonaviy dam olish, koʻngilochar va savdo maskanlari deyarli boʻlmasdi. Shu bois, mehmonlar uzoq vaqt qolmagan. Hozir esa nafaqat xorijlik, balki mahalliy mehmonlar ham Xivaga kelib, bir necha kun shu yerda qolyapti. Natijada mehmonxona xizmatlarimizga talab oshgan.

Xorijlik mehmonlarimizning asosiy qismi yevropaliklar. Ularga 150 dan ortiq kishidan iborat katta jamoamiz xizmat koʻrsatadi. Xodimlarimizning 50 foizdan koʻprogʻini xotin-qizlar tashkil etadi.

2025-yil men uchun natijalar va eʼtiroflar yili boʻldi. Rejalarimizning asosiy qismi muvaffaqiyatli amalga oshdi. Mehmonxona moliyaviy jihatdan barqaror ishladi, daromadimiz va xizmatlar sifati sezilarli darajada oʻsdi, jamoaning kasbiy malakasi yuksalib boryapti. Ekologik loyi­halarni ham amalga oshirdik. Biznes va diplomatik turizmda faol ishtirok etdik, xalqaro maydonda ishonchni mustahkamladik. “Farovon Khiva” mehmonxonamiz ­“Mintaqadagi eng yaxshi biznes mehmon­xona” deb topildi.

Oʻtgan yil mehmonxona Islom siviliza­siyasi markazida ham faoliyatni boshladi. Bizga “Farovon” mehmonxonalar tizimini yaratish vazifasi topshirildi. Bu milliy brend ostidagi mehmonxonalar tarmogʻini yaratish yoʻlidagi katta qadamlardan biri deb bilaman. Bunday loyihalar oʻzbek xalqining mehmondoʻstligini dunyoga tanitish va xalqaro xizmat koʻrsatish standartlari talablarini milliylik bilan uygʻunlashtirishga hissa qoʻshadi.

Eng katta eʼtirof esa davlatimiz rahbarining “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganim boʻldi. Bu men uchun yuksak ishonch ramzi, katta sharaf va masʼuliyatdir, ochigʻi, juda faxrlandim. Bunday eʼtiroflar odamni yanada koʻproq ishlashga, yangi marralarga undaydi. Ushbu yilning ham shunday shukuhli, muvaffaqiyatli oʻtishi, yanada katta natijalarga boy boʻlishini niyat qilib, oldimizga aniq vazifalar qoʻyganmiz. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash va xotin-qizlar faolligini qoʻllab-quvvatlash, “yashil” mehmonxona tamoyillarini chuqurlashtirish kabilar shular jumlasidan.

 

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri