Maʼlumki, har yilning avgust oyida “Kamp Nou” stadionida “Barselona” futbol klubi tomonidan Jaon Gamper kubogi uchun oʻyin oʻtkaziladi.

Mazkur turnir birinchi marta 1966-yili kataloniyaliklar prezidenti Enrik Lyode tomonidan “Barselona” klubi asoschisi va besh karra prezidenti Jaon Gamper sharafiga tashkil etilgan. Dastlab chorak final, yarim final, final va uchinchi oʻrin uchun oʻyinlardan iborat boʻlgan bu oʻrtoqlik bahslarida 1997-yildan boshlab ikkita jamoa kuch sinashyapti.

Joriy yilgi turnirda “Barselona” dastlab Italiyaning “Milan” klubi bilan uchrashishi aytilgan edi. Ammo bu xabar tasdigʻini topmadi. Keyin matbuotda Kataloniyaga “Roma” tashrif buyuradi degan xabarlar paydo boʻldi. Lekin rimliklar taklifni rad etishdi.

Nihoyat kecha Joan Gamper kubogi uchun “Barselona”ga qarshi bahslashadigan jamoa nomi maʼlum boʻldi. Meksikaning “Pumas” jamoasi kataloniyaliklarga raqiblik qiladi.

57-marta oʻtkazilayotgan ushbu turnirning 44 tasida maydon egalari gʻolib chiqqan.