Baxmalda tog‘-ekstremal turizmi bo‘yicha Respublika musobaqasi tashkil etildi

    Sport 26 Aprel 2021 2367

    Jizzax viloyati Baxmal tumani «Nushkent» MFY, Jom-jomsoy qishlog‘ida tog‘-ekstremal sport turizmi bo‘yicha Respublika musobaqasi o‘tkazildi.

    22-24-aprel kunlari Baxmal tumani hokimligi, tuman Jismoniy tarbiya va sport bo‘limi, bolalar-o‘smirlar sport maktabi, Xalq ta’limi bo‘limi, viloyat Turizm federatsiyasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan sport tadbirida jizzaxlik 200 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

    Musobaqada Jizzax shahri, viloyatning Sharof Rashidov nomli, Zafarobod, G‘allaorol, Zomin, Zarbdor, Baxmal, Do‘stlik, Arnasoy, Mirzacho‘l, Forish, Paxtakor tumanlari, Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax politexnika instituti hamda Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridan ham jamoalar g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

    Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqa yakuniga ko‘ra 1-o‘rinni mezbonlar — Baxmal tumani yoshlari qo‘lga kiritdi. Samarqand viloyatidan kelgan mehmonlar esa 2-o‘ringa munosib ko‘rildi. Faxrli 3-o‘rin esa viloyatning Paxtakor tumani yoshlariga nasib etdi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.