Baxshichilik sanʼati namoyandalari va muxlislariga

    Hukumat 16 Dekabr 2021 4106

    Muhtaram yurtdoshlar!Qadrli baxshichilik sanʼati namoyandalari va muxlislari!

    Barchangizni xalqaro miqyosdagi katta xushxabar – shu yil 16-dekabr kuni YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni asrash hukumatlararo qoʻmitasi tomonidan Baxshichilik sanʼati Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilgani munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.

    Ushbu muhim va quvonchli yangilik madaniyat arboblari, ustoz baxshilar va iqtidorli yoshlarimiz, folklor sanʼatining barcha ixlosmandlari, koʻpmillatli xalqimiz uchun albatta gʻurur va iftixor baxsh etadi.

    Bu yuksak eʼtirof dunyo hamjamiyatining Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va boy madaniyatiga, rang-barang ijodiy maktablar va izchil rivojlanish silsilasiga ega boʻlgan noyob baxshichilik sanʼatiga ulkan hurmat-eʼtiborining yorqin ifodasidir.

    Darhaqiqat, xalq ogʻzaki ijodining ushbu goʻzal va betakror namunasi mamlakatimizda ming yillar davomida rivojlanib, baland choʻqqilarga koʻtarildi. Baxshichilik sanʼati yurtimizdagi turli millat va elatlar oʻrtasida oʻzaro hurmat, bir-birini tushunish va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash yoʻlida beminnat xizmat qilib keldi va bugungi kunda ham bu sharafli vazifani toʻla ado etmoqda. Yoshlarni ona yurtga, milliy-madaniy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni adolat va insoniylikka chorlash, barkamol avlod boʻlib voyaga yetishida ezgulik elchilari boʻlgan baxshi, oqin va jirovlarning oʻrni va taʼsiri beqiyosdir.

    Baxshichilik sanʼati ijrochidan bir vaqtning oʻzida ham mohir shoir, ham isteʼdodli xonanda, ham usta sozanda va aktyorlik mahoratiga ega boʻlishni talab etishini, buning uchun nafaqat tugʻma qobiliyat, ayni vaqtda yuksak ijodiy salohiyat, tinimsiz izlanish zarurligini yaxshi bilamiz.

    Oʻzbekiston zamini Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil baxshi, Islom shoir, Poʻlkan shoir, Bola baxshi Abdullayev, Shoberdi Boltayev, Boborayim Mamatmurodov, Abdunazar Poyonov, Qora baxshi Umirov, Shomurod Togʻayev, Qodir baxshi Rahimov, Ziyodulla Islomov, Norbek baxshi Abdullayev, Qalandar baxshi Normetov, Abduqahhor va Abdumurod Rahimovlar kabi oʻnlab betakror isteʼdod sohiblarini yetishtirdi va bu anʼana izchil davom etmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda samarali faoliyat olib borayotgan 250 nafardan ortiq soha vakillari orasida 25 nafarga yaqini “Oʻzbekiston xalq baxshisi” va “Qoraqalpogʻiston xalq baxshisi” unvonlari, 1 nafari “Doʻstlik ordeni”, 11 nafari “Shuhrat” medali, 7 nafari “Nihol” mukofoti, 2 nafari “Kelajak bunyodkori” esdalik nishoni bilan taqdirlanganini qayd etish lozim.

    Mamlakatimizda ushbu qadimiy sanʼat turini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida soʻnggi paytda qabul qilingan Prezident farmonlari va Hukumat qarorlari soha rivojiga yangi hayot bagʻishlaganini taʼkidlash oʻrinlidir. Jumladan, yurtimizda YUNESKO shafeligida har ikki yilda Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish yaxshi anʼana tusiga kirdi. 2019-yil aprel oyida Termiz shahrida oʻtkazilgan birinchi va joriy yil sentyabr oyida Nukus shahrida tashkil etilgan ikkinchi festival mintaqa va xalqaro hamjamiyat madaniy doiralarida katta qiziqish uygʻotdi.

    Bugungi kunda mamlakatimizda baxshi-shoir va oqinlar oʻrtasida xalqaro koʻrik-tanlovlar muntazam oʻtkazib kelinmoqda, taʼlim muassalarida baxshichilik sanʼati sirlarini oʻqitish, kelajak avlodlarga yetkazish borasida ham katta ishlar qilinmoqda. Eng muhimi, bunday keng koʻlamli chora-tadbirlar oʻz samarasini bermoqda. Jumladan, hozirgi vaqtda respublika boʻyicha baxshilar sinfi 115 taga yetib, ularda taʼlim olayotgan oʻquvchilarning umumiy soni 1500 dan, oʻqituvchilar soni esa 245 nafardan ortiqni tashkil etayotgani bu yoʻnalishdagi ishlarimiz koʻlamidan dalolat beradi.

    Hurmatli vatandoshlar!

    Baxshichilik sanʼatini rivojlantirish yoʻlida erishgan natijalarimiz va ularning xalqaro eʼtirofi bizni ruhlantirib, ulkan marralarga chorlaydi. Biz bu noyob madaniy merosni asrash, rivojlantirish va ommalashtirish, jumladan, baxshilarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun yangi imkoniyatlarni safarbar etamiz. Bu borada endi bizga YUNESKO boshchiligida xalqaro hamjamiyat ham madadkor boʻladi.

    Fursatdan foydalanib, yana bir bor barchangizni, butun xalqimizni ushbu tarixiy voqea munosabati bilan chin dildan qutlayman.

    Yurtimizda baxshichilik sanʼati yanada ravnaq topsin, baxshi, oqin va jirovlarimizga esa jonajon Oʻzbekistonimizni dunyoga tarannum etishda yangi yutuq va muvaffaqiyatlar yor boʻlsin!

    Shavkat Mirziyoyev,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti