Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlab, “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida oʻtkazilgan mazkur anjuman mamlakatimiz yosh shoirlari, yozuvchilari va musavvirlarini birlashtirgani, ona Vatanimizni, eng ulugʻ va eng aziz boʻlgan mustaqilligimizni tarannum etish uchun ularga ijodiy muhit va sharoit yaratib bergani ayni haqiqat.
Tadbirni Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev tabrik soʻzi bilan ochib, yaqin uch
yil ichida Qoraqalpogʻistonni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish boʻyicha
Prezidentimiz tomonidan yetmish sakkizta farmon va qaror qabul qilinganini
alohida taʼkidladi.
Aholining elektr energiyasiga
ehtiyojini toʻliq taʼminlash hamda energetika sohasini yanada rivojlantirish
maqsadida Beruniy, Qoʻngʻirot tumanlarida shamol elektr stansiyalari
qurilmoqda.
Qipchoq sohilida Amudaryo uzra
muhtasham temir yoʻl koʻprigi qurildi. Qoraqalpogʻistonda sanoat sohasi
rivojlanayotir. Isitish batareyalari zavodi hamda Nukus bazalt tolasi ishlab
chiqarish zavodi ishga tushirildi.
Yaqin
yillarda 3,5 milliard dollarlik investitsiya kiritiladi.
Mamlakatimizda
yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor
yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Qadimiy va navqiron Ellikqalʼa tumanida bahor
gul ochgan faslda chagʻalaylar emin-erkin suzib yurgan Aqchakoʻl sohilida
oʻtkazilgan tanlov, oʻz navbatida, yoshlarga oid islohotlar samaradorligini
oshirish, ularning qiziqishi va qobiliyatini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat
kasb etdi.
Oʻzbekiston
Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid soʻzga chiqib,
Prezidentimiz tomonidan badiiy adabiyotni rivojlantirish boʻyicha qabul
qilingan qarorlar, adabiyot va maʼnaviyat sohasidagi islohotlarga alohida
toʻxtaldi.
Butun
umri va ijodi davomida ozodlikni orzu qilgan, xalq manfaatlarini oʻylagan va
xalqqa xizmat qilishni kuylagan Berdaq shoir aytganidek, baxtli-shodon,
isteʼdodli, har ishni puxta oʻylaydigan, esli-hushli, xalqimizning dastyori
boʻlib, gʻurur-iftixor bilan koʻklarga magʻrur boʻylaydigan yoshlarimiz bor.
Davlatimiz
rahbarining yuksak eʼtibori sharofati bilan oʻzbek-qoraqalpoq adabiy aloqalari
rivoji yangi bosqichga koʻtarildi. Toshkent shahrida barpo etilgan Adiblar
xiyobonida oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining ulugʻ siymolari bilan
birgalikda qoraqalpoq adabiyotining ham uch ulugʻ namoyandasi — Berdaq, Ibroyim
Yusupov va Toʻlepbergen Qaipbergenovga muhtasham yodgorlik oʻrnatildi, Nukus
shahrida Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi ochildi.
2024-yilda
davlatimiz rahbarining “Atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz
Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi
qarori qabul qilindi. Mazkur tarixiy qarorga binoan Ajiniyozning toʻliq
“Asarlar” kitobi oʻzbek va qoraqalpoq tillarida nashr etildi, Ajiniyozning
ibratli hayoti va ijodi yoritilgan badiiy film suratga olindi. 2019-yilda
Oʻzbekiston Qahramonlari Ibroyim Yusupov va Toʻlepbergen Qaipbergenov
tavalludining 90 yilligi keng nishonlandi. Har ikki ulugʻ ijodkorning
“Tanlangan asarlar”i koʻrkam shaklda nashr etildi. “Turkiy adabiyot durdonalari”
100 jildli kitoblar majmuasining 34-38-jildlari qoraqalpoq adabiyotiga
bagʻishlangan.
2021-yilda
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Nazm boʻstoni” turkumida
Berdaqning “Yurt gʻamxoʻri kerak menga”, Kengesboy Karimovning “Masofalar”,
Baxtiyor Genjamurodning “Yurakning oʻtli osmoni”, Sogʻinboy Ibrohimovning “Yoʻl
oʻrtasi”, yosh ijodkorlarning “Birinchi kitobim” loyihasi asosida Sarvinoz
Musatdinovaning “Karvon yoʻllari”, Allayar Darmenovning “Oy doʻst” sheʼriy
toʻplamlari oʻzbek tilida nashr etildi.
Oʻzbekiston
xalq yozuvchisi, Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Kengesboy Karimovning “Ogʻabiy”
romani, Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Sharap Usnatdinovning “Ibroyim
Yusupov” roman-essesi oʻzbek tilida nashrdan chiqdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar
uyushmasining “Adib va jamiyat” turkum kitoblari loyihasi asosida
Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Allanazar Abdiyevning “Burgut choʻqqi” nomli
roman, qissalar va hikoyalar toʻplami oʻzbek tilida chop etildi.
2026-yilda
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpogʻiston xalq
yozuvchisi Muratboy Nizanovning “Tanlangan asarlar”i nashr qilinib, oʻzbek
kitobxonlariga tuhfa etildi.
* * *
Tadbir
munosabati bilan Aqchakoʻl boʻyida Ellikqalʼa tumani ovul fuqarolar yigʻinlari,
sanʼat maktablari, umumtaʼlim maktablari va maktabgacha tarbiya tashkilotlari
milliy taomlar, kashtalar, xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmalarini
namoyish etdi. Aqchakoʻlning obod etilgan, dam olish maskani va tomoshagohga
aylantirilgan sohili boʻylab qator qoʻyilgan yogʻoch soʻrilarda oʻtirgan piru
badavlat otaxon va onaxonlar el-yurt tinchligini tilab duo qildi, kelinchaklar
dasturxon yozib, choy damlagan, yosh-yalang dastyorlar xizmatga shay. Aqchakoʻl
sohili xalq sayli bilan gavjum.
Ellikqalʼa
mamlakatimizning koʻp millatli tumanlaridan biri. Oʻzbekcha, qoraqalpoqcha,
turkmancha, qozoqcha, tatarcha, ruscha, ozarbayjoncha milliy liboslar koʻzni
yashnatadi. Karnay-surnaylar, nogʻorayu doiralar, qoʻbizu dutorlar,
chanqovuzlar, rubobu torlar musiqalari koʻngilni shod etadi. Bir yonda
axaltekin zotli noyob tulporlar mingan chavandozlar asl toylarning suluvligini
namoyon etib, ot ustida magʻrur turibdi. Aqchakoʻl osmoni uzra pagʻa-pagʻa
bulutlar karvoni. Gʻir-gʻir esayotgan shamol koʻl suvlarini bir maromda
mavjlantirgan. Gala-gala chagʻalaylar husni jamoli bilan suvning mavjlariga
koʻrk bagʻishlaydi. Koʻlning oʻrtasida suzayotgan oq kema yurakni orziqtiradi.
Ushbu
manzaralarni yosh musavvirlar moyboʻyoqda tasvirlashga tutingan. Shoirlarning
lablari pichirlab, sheʼriy satrlar toʻqishga chogʻlangan. Yozuvchilar yozilajak
hikoyalari uchun manzaralarni xotirasiga muhrlashga intilgan. Xullas, ijodiy
muhit qaynagandan-qaynadi.
Qirgʻoqqa
tikilgan oq oʻtovlar erganaklari mehmonlar uchun qoraqalpoqning begʻubor
koʻngliday ochiq.
Kunning
ikkinchi yarmida anjuman ahli Ellikqalʼa tumani ixtisoslashtirilgan sanʼat
maktabi hududida barpo etilgan Abdulla Oripov bogʻiga koʻchdi. “Aqchakoʻl
ilhomlari” tanlovining tamal toshini qoʻygan ustoz Abdulla Oripov nomida bogʻ
bunyod etilgani ayni muddao. Boqqa kiraverishda elimiz ardogʻidagi shoir
siymosi tushirilgan surat ostiga ustozning mashhur toʻrtligi bitilgani
barchaning eʼtiborini tortdi:
Guldan
gulga qoʻnib sahar palladan
Bolari
bol yigʻar guldan, daladan.
Shoir
ham bolari boʻlsaydi agar,
Ishin
boshlar edi Ellikqalʼadan.
Abdulla
Oripov bogʻi ramziy maʼnoda gullab-yashnayotgan sheʼriyat bogʻi, adabiyot
bogʻidir. Bu bogʻ, albatta, Toshkentda bunyod etilgan Adiblar xiyoboni bilan
chambarchas bogʻliq. Uning gullari va koʻchatlari Adiblar xiyobonidan
keltirilgan desak, mubolagʻa emas. Yozuvchi, shoirlar va jamoatchilik
vakillari Ellikqalʼa tuprogʻiga ezgu niyatlar bilan mevali daraxt koʻchatlarini
ekdi.
Har
sohada yangilik, har yonda bahor, har chamanda gullab-yashnash degandek,
Ellikqalʼadagi bunyodkorlik tadbir ishtirokchilariga yanada koʻtarinki ruh,
ijodiy zavq bagʻishladi.
Ayniqsa,
Ellikqalʼa tumanidagi madaniyat saroyida Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri
Abdulla Oripovning byusti ochilishiga bagʻishlangan tadbir barchani
hayajonlantirdi. Ustozning yodgorlik byusti shaklida bugungi avlodga boqib
turgan nurli siymosi goʻyo: “Bu buyuk Vatanning qadriga yetinglar!” deb nasihat
qilayotgandek. Beixtiyor ustoz shoir hayotlik vaqtida “Aqchakoʻl ilhomlari”
anjumaniga kelayotib, Amudaryo koʻprigi ustida aytib yuborgan sheʼri yodimizga
tushdi:
Kimligimni
bilardim ozroq,
Bilar
edim suyukligimni.
Amudaryoni
koʻrganda biroq
Bilib
qoldim buyukligimni!
Anjuman
doirasida mehmonlarning Ellikqalʼaning diqqatga sazovor maskanlari, tarixiy
obidalari, yangi qurilgan inshootlari bilan tanishuvi tadbir mazmunini yanada
boyitdi. Nukus davlat pedagogika instituti Ellikqalʼa fakultetida tashkil
etilgan Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf muzeyi eksponatlari bilan
tanishuv, Boʻston shaharchasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat
xodimi Matnazar Abdulhakimning “Darsdan soʻng” sheʼri asosida bunyod etilgan
“Ustozga ehtirom” haykali ziyorati yosh ijodkorlarda unutilmas taassurot
qoldirdi.
Ellikqalʼa
tumani boʻylab uyushtirilgan sayohatdan soʻng yosh ijodkorlar tumandagi sanʼat
maktabi darsxonalarida tanlovning asosiy sharti boʻyicha ijodiy bellashuvni
davom ettirdi. Ularga qirq besh daqiqa davomida Aqchakoʻl mavzusida yangi
sheʼr, yangi hikoya yoki badiiy qatra yozish vazifasi topshirildi. Musobaqa
nihoyatda qiziqarli boʻldi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoirlari
boʻlgan ustozlardan tuzilgan hakamlar hayʼati yosh ijodkorlarning yozma ishini
oʻrganib chiqdi va munosib baholadi. Eng muhimi, Vatan mavzusida yangi
sheʼrlar, nasriy va rangtasvir asarlarga poydevor qoʻyildi.
Ertasi
kuni tuman markazidagi sanʼat saroyida “Aqchakoʻl ilhomlari” respublika tanlovi
gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda yosh
ijodkorlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar, mamlakat miqyosida tashkil etilgan
“Aqchakoʻl ilhomlari” tanlovining ahamiyati va kutilayotgan natijalar haqida
gapirdi:
—
“Oltin konidan oltin chiqadi” deganlaridek, soʻz dargʻalariga beshik boʻlgan bu
diyordan, albatta, Alisher Navoiy, Berdaq, Ajiniyoz, Erkin Vohidov, Abdulla
Oripov, Ibroyim Yusupov vorislari yetishib chiqishiga ishonamiz. Ibroyim
ogʻaning “Ayt sen Ajiniyozning qoʻshiqlaridan” sheʼrida ushbu ezgu niyatning
amalga oshishiga komil ishonch izhor etilgan. Uni ustoz Abdulla Oripov oʻzbek
tiliga tarjima qilgan:
Men
uni tinglasam, qolmay toqatim,
Koʻnglimda
sayragan mastona bulbul.
Men
uni tinglasam, tuqqan elatim
Yer
jannati boʻlib koʻringay butkul.
Yulduzlarni
yerga qaratmoq boʻlsang,
Yomon
shoirlarni uyaltmoq boʻlsang,
Agar
men oʻlganda tiriltmoq boʻlsang,
Ayt
sen Ajiniyozning qoʻshiqlaridan.
Tadbirda
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilingan qoraqalpogʻistonlik
ijodkorlarga aʼzolik guvohnomalari topshirildi.
Oʻzbekiston
xalq shoiri Mahmud Toir, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi
Kengesboy Karimov va boshqalar soʻzga chiqib, gʻoliblarni tabrikladi.
Shuningdek,
Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning umr yoʻldoshi
Hanifa Mustafoyeva Abdulla Oripov bogʻi bunyodkorlariga, Abdulla Oripov byusti
ijodkorlariga, ustozdan meros boʻlib qolgan “Aqchakoʻl ilhomlari” tanlovini
yangidan uyushtirgan tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdi.
Hakamlar
xulosasiga koʻra, tanlovda eng isteʼdodli ijodkorlar aniqlandi. Respublikaning
barcha hududlaridan kelgan 44 ishtirokchining har biriga diplom, statuetka,
esdalik sovgʻalar va kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Sanʼatkorlar
kuy-qoʻshiqlari va raqslari bilan tadbir ishtirokchilariga oʻzgacha zavqu shavq
bagʻishladi.
Bizningcha,
tanlovda qatnashgan barcha ijodkor gʻolib boʻldi. Ular yorqin taassurotlar va hayajon ogʻushida
Aqchakoʻlda charx urib uchib yurgan chagʻalaylar bilan xayrlashib, uylariga
mamnun va masrur qaytdilar.
Biz
ham mazkur tanlovdan oʻzgacha taassurot bilan qaytar ekanmiz, koʻnglimizda
quyidagi sheʼriy satrlar uygʻondi.
Yondi
bahor Ellikqalʼa roʻyida,
Bulbul
sayrar Aqchakoʻlning boʻyida.
Gʻazal
toʻqir bulbulzabon shoirlar
Oʻzbek
bilan qoraqalpoq toʻyida.
Dilda
joʻshdi Aqchakoʻl ilhomlari,
Tilda
ulugʻ ustozlarning nomlari:
Ibroyim
ham Abdulla Orif sheʼri,
Otajonning
“Suvora” inʼomlari.
Avliyolar
Boʻstonga dam urgan “Suf”:
Jamolidan
oftob boʻlgan kusuf.
Osmonlarda
mangu navqiron qoʻshiq —
Ellikqalʼa
qushi Muhammad Yusuf.
Oltin
qoʻshiq yangrayotir, soz tilla,
Yurt
madhini kuylagan ovoz tilla.
Aqchakoʻl
ilhomlariga avj bergan
Valijon
ham ustozi Neʼmatulla.
Gul
ochilib yashnayversin, Boʻstonim,
Ellikqalʼa
— eng goʻzal gulistonim.
Qoʻshiq
yangrar Aqchakoʻlning boʻyida,
Baxtim
mening,
jonim
Oʻzbekistonim!
Rustam MUSURMON,
Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan madaniyat xodimi,
Qoraqalpogʻiston xalq shoiri