Baxtim timsolisan — bayrogʻim!

    Fikr 16 Noyabr 2020 1965

    Har doim hurlik timsoli — davlatimiz bayrogʻiga koʻzim tushganda unda ajdodlarimiz orzu-armonlari, bugungi osuda kunlarimiz, kelajagi porloq ertangi kunimizni koʻraman, qalbimda faxrdan oʻzgacha titroqni his qilaman.

    Qadimdan dono xalqimiz bayroqni mardlik, gʻoliblik, jasorat, gʻurur timsoli sifatida ardoqlagan. “Temur tuzuklari”da Sohibqiron Amir Temur bobomiz bayroqni pastga tushirishni, tugʻni sarbozning qoʻlidan tushishini magʻlubiyat belgisi sifatida qarab, alohida eʼtibor qaratgan. Buyuk sarkarda jang maydonida bayroqni sarbaland oʻrnatib, jangchilarga jangovar iroda bagʻishlagan, eng kuchli bahodirlarga mardlik timsoli sifatida hadya etgan. Bobokalonimiz Najmiddin Kubro yov qoʻlida shahid boʻlsada, u mahkam tutgan bayroqni qoʻlidan va qalbidan hech kim tortib ololmagan.

    Ajdodlarimizga munosib tarzda ular yurgan izlardan mardonavor qadam tashlab, davlat ramzlarimizga boʻlgan hurmat va ehtirom qalbimizda joʻsh urmoqda. Bugun jahonning yuksak minbarlarida hilpiragan,chet mamlakatlarda tik qad koʻtargan, koʻklarga parvoz qilgan ezgulik mayogʻimiz koʻnglimizni vatanparvarlik naqshi bilan bezaydi.

    Xalqaro tanlovlarda chaqnagan yulduzlarimiz, dunyo sahnalarida koʻkrak kerib turgan sportchilarimiz,vatan uchun qalqon harbiylarimiz qoʻllaridagi ezgulik ramzi ozod va obod yurtimizning porloq kelajagi jilolanadi. Vatan bayrogʻini ardoqlash va unga munosib boʻlish har birimizning muqaddas burchimizdir.

    Osmonimizda yurtimiz bayrogʻi, koʻnglimizda muhabbat bayrogʻi manguga porlasin!

    Muhayyo Moʻminova,

    Romitan tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori