Baxtiyor Islomov “Markaziy Osiyo – Xitoy” Oliy sudlari raislarining yigʻilishida ishtirok etdi

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov boshchiligidagi delegatsiya Urumchi shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” Oliy sudlari raislarining birinchi yigʻilishida ishtirok etdi.

    Yigʻilishda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston Oliy sudlari raislari hamda Xitoy Xalq Respublikasining Oliy xalq sudi raisi boshchiligidagi delegatsiyalar qatnashdi.

    Tadbir davomida tomonlar transchegaraviy tijorat nizolarini hal etishning keng qamrovli mexanizmlari, terrorizm, giyohvandlik, korrupsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda huquqni qoʻllash va transmilliy sud hamkorligiga eʼtibor qaratdi.

    “Yashil” va pastuglerodli rivojlanish uchun ekologik resurslarning sud himoyasini kuchaytirish hamda odil sudlov adolatliligi va samaradorligini oshirishga koʻmaklashish uchun axborot texnologiyalarini rivojlantirish borasidagi masalalar muhokama qilindi.

    Anjuman yakunida har tomonlama sohaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha istiqbolli vazifalarni qamrab olgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” Oliy sudlari raislari yigʻilishining bayonoti imzolandi.

    Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov Xitoy Xalq Respublikasi Oliy xalq sudi raisi Chjan Szyun bilan uchrashdi.

    Ikki mamlakat Oliy sudlari oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan muloqot davomida taraflar sud-huquq sohasida samarali hamkorlik uchun mavjud salohiyat va imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi.

    Odil sudlovni amalga oshirish hamda sud tizimini takomillashtirish borasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.