Baxtiyor Saidov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Yanvar 2023 1770

    2023-yil 22-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 26-yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif bilan kelgan IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriy bilan uchrashdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va IHT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi. Tashkilot doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, uning jahon miqyosidagi nufuzini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

    H.Noziriy Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “IHTda oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash yili” deb eʼlon qilingan 2022-yil mobaynida Tashkilotda Oʻzbekistonning faol va mazmunli raisligini qayd etdi. Oʻzbekiston Rahbarining IHT Ashxobod sammitida ilgari surgan tashabbuslari ijrosi tuzilma faoliyatiga kuchli turtki berishi va yangi “oʻsish nuqtasi” boʻlishiga ishonch bildirildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi raisligida oʻtkazilgan tadbirlar, jumladan, Hududiy rejalashtirish Kengashi majlisi, qishloq xoʻjaligi va turizm vazirliklari rahbarlarining uchrashuvlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha uchrashuvlar va boshqalar muhim ahamiyat kasb etgani taʼkidlandi.

    Tomonlar “IHT istiqbollari 2025”da belgilangan maqsadlarga erishish uchun Tashkilot doirasidagi oʻzaro hamkorlik salohiyatidan, ayniqsa, savdo, investitsiya, transport-kommunikatsiya, energetika sohalarida yanada samarali foydalanish zarurligi toʻgʻrisida umumiy fikr bildirdilar.

    Yigʻilishda, shuningdek, Toshkentda boʻlib oʻtadigan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishi, shuningdek, Oʻzbekiston raisligi doirasida oʻtkaziladigan boshqa tadbirlarning tashkiliy va mazmuniy jihatlari ham muhokama etildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.