Baxtiyor Saidov «Markaziy Osiyo – Xitoy» shaklidagi TIV rahbarlarining to‘rtinchi uchrashuvida ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 28 Aprel 2023 743

    Kecha Sian shahrida «Markaziy Osiyo – Xitoy» shaklidagi tashqi ishlar vazirlarining to‘rtinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

    TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston tashqi ishlar vazirlari hamda Turkmaniston vazir o‘rinbosari darajasida vakili ishtirok etdi.

    Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Vazirlar uchrashuvida 2023-yil may oyida Sian shahrida davlat rahbarlarining «Markaziy Osiyo + Xitoy» sammitini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

    Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun delegatsiyalar rahbarlari ishtirokida press-brifing o‘tkazildi.

    O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘z nutqida ushbu format mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish uchun muhim platforma ekanligini taʼkidladi. Ushbu mintaqaviy muloqotning ustuvor yo‘nalishlariga savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar kiradi. Ishbilarmon doiralar vakillarining faol ishtirokida Markaziy Osiyo davlatlari va XXR o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish mavjud salohiyatdan samarali foydalanish imkonini berishiga ishonch bildirildi.

    Brifingda ishtirokchi mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etib, vazirlar uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘z bayonotlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan o‘z pozitsiyalarini bildirdilar.

    Xususan, Xitoy Davlat Kengashi aʼzosi va tashqi ishlar vaziri Sin Gan o‘z nutqi davomida Xitoy Markaziy Osiyo davlatlarining hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, u tomonlar bir-birlarining milliy manfaatlarini hurmat qilishlarini va tashqi kuchlarning ichki ishlarga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligini taʼkidladi.