Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Bu haqda u oʻzining telegramdagi sahifasida maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, suhbat samarali boʻlgan.
Suhbatda oʻzaro ishonch, qoʻllab-quvvatlash va strategik sheriklikka asoslangan mustahkam doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarining rivojlanayotgani taʼkidlandi.
«Oʻtgan yilgi Dushanbega davlat tashrifi chogʻida hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi va Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanishi aloqalarimizda yangi davrni boshlab berdi. Ishonchimiz komilki, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlaydi va 2025-yilda qardosh xalqlarimiz uchun yangi yutuqlar olib keladi», — deb yozadi vazir oʻz sahifasida.