Baxtiyor Saidov Turkmaniston Elchisi bilan uchrashuv oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 13 Yanvar 2023 1258

    2023-yil 12-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yazguli Mammedovni qabul qildi.

    Uchrashuv mobaynida Oʻzbekiston-Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning dolzarb masalalari muhokama etildi.

    Oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni toʻlaligicha amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Rejalashtirilgan tadbirlar jadvali, jumladan, mamlakatlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

    Oʻzaro tovar ayriboshlash koʻrsatkichlarini oshirish, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha aniq takliflar muhokama etildi.

    Tomonlarning madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga tayyorligi taʼkidlandi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.