Ularning faoliyati boshqalarni ham ruhlantirib, ona Vatan ravnaqi yoʻlida gʻayrat-shijoat bilan mexnat qilishga undaydi. Ijodkorlik qobiliyati bilan tinmay ezgu-maqsad yoʻlida ijod qilib kelayotgan insonlardan biri, taniqli musiqashunos olim Rustam Abdullayev tavalludiga yaqinda 74 yil toʻldi.

Oʻzbek musiqa sanʼati rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi, Davlat mukofoti sovrindori, taniqli kompozitor, professor Rustam Abdullayev Oʻzbekiston kompozitorlik maktabining yorqin namoyondalaridan biri. Oʻtayotgan umrining har bir lahzasini musiqa sanʼatiga bagʻishlayotgan isteʼdod sohibidir.

Vatanni yuksak pardalarda tarannum etish, uning shon-shavkatini madh etish, xalqimizga betakror kuy-qoʻshiqlar taqdim etish Rustam Abdullayev ijodida ustuvor oʻrin egallaydi. Kompozitorning ijodi, oʻzining milliyligi, yorqin ranglarga boyligi, professional bayon etish uslubi, anʼanaviy va zamonaviy bayon etish uslubini mujassamlaganligi bilan ajralib turadi.

Ona zamin tuprogʻini muqaddas bilish shartdir...

- Men, baxtimni mehnatdan, saodatli hayotim farogʻatini musiqadan, umrim bezagini esa musiqiy asarlar yaratishdan topganman, – deydi Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev, biz bilan boʻlgan suhbatda. – Musiqa, ona allasidan to opera darajasigacha boʻlgan taraqqiyot jarayonida inson qalbi va ruhiyatida malham vazifasini bajargan, odamlardagi eng yaxshi fazilatlarni kuchaytirgan, ularni ezgulik, muhabbat va qahramonlikka chorlagan. Shuning uchun musiqa yakka shaxsga emas, omma va xalqqa ijro etiladi, koʻpchilikning badiiy-estetik ongi va tuygʻularini uygʻunlashtirishda ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida bir qator festival va koʻrik tanlovlarning oʻtkazilishi oʻzbek xalqining musiqa sanʼatiga boʻlgan eʼtiborning kuchayganligidan dalolat beradi. Jumladan “Xalqaro baxshichilik sanʼati”, “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali, Samarqand shahrida muntazam oʻtkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivallari bunga misol boʻladi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2018-yil 28-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yana-da rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, “Xalq cholgʻulari ijrochilari”, Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari”, Yu.Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika koʻrik-tanlovlarini anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi bugungi kunda yetishib kelayotgan iqtidorli, yosh sozanda va xonandalar, sanʼat olamiga endigina umid bilan qadam qoʻyayotgan kelajak nihollari uchun ochib berilayotgan keng imkoniyatlardan biridir. Bunday shart-sharoitlar ilgari boʻlmagan. Men bugungi kun sanʼat ahliga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan xursand boʻlgan holda, ularga havas bilan boqaman. Jannatmakon ona diyorimizda oʻz sohasining yetuk bilimdoni boʻlish uchun barcha sharoitlar bisyor. Shunday ekan faqat oʻqish, izlanish, oʻrganish va mehnat qilish lozim. Inson yashar ekan, baxtli boʻlishga intiladi, butun borligʻini, kuch va gʻayratini dunyoni anglashga, saodatga erishishga bagʻishlaydi. Vaqtdan toʻgʻri va unumli foydalangan, orzularini amalga oshirishga bel bogʻlagan har bir inson oʻz maqsadiga albatta erishadi. Oʻz qoʻllari bilan yaratgan baxt sohibiga aylanadi. Men ham, hayotimning pastu balandlaridan, tikanli soʻqmoqlaridan, dadil qadamlar tashlab oʻz taqdirimni baxtga burkaganman va toleyimdan minnatdorman! Aslida haqiqiy baxtga, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilib, ona zamin tuprogʻini muqaddas bilib, xalq va jamiyat hayoti uchun fidokorona mehnat qilib yetishiladi...

Ijod yoʻliga, ishonch bilan qoʻyilgan qadam

Serqirra ijodkorning bolalik davrlari koʻhna Xiva shahrida oʻtdi. Uyda, mahallada, bozor maydonlarida tinglagan xalq kuy va qoʻshiqlari boʻlajak kompozitor xotirasida umrbod muhrlanib qoldi. Oʻrta maktabda oʻqish bilan bir qatorda bolalar musiqa maktabida tahsil olib qashqar rubobida mahorat bilan chalishni oʻrgandi.

Yosh ijrochining qobiliyatini koʻrgan ustozi, maktab direktori, taniqli kompozitor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, kompozitor Abdusharip Otajonov uni yoniga olib Xiva musiqali xalq teatri orkestriga sozandalikka jalb qiladi. Oʻsha davrlardayoq musiqali sahna sehri, bastakorlik ijodiyoti, aktyorlar ijrosidagi milliy kuy va qoʻshiqlar, ariya va romanslar oʻn bir yoshli bolani oʻziga toʻliq maftun etib boʻlgan edi. Oʻqish va ishlash, izlanish bilan bir qatorda Rustam Abdullayev sanʼatdagi rahnamosi Abdusharip Otajonovdan ilk kompozitsiya saboqlarini ham ola boshlaydi.

Sanʼatga muhabbat, musiqa yaratishning nozik sirlarini oʻrganish istagi uni oʻn toʻrt yoshida azm poytaxt sari yoʻl olishga undadi. Dastavval, Hamza nomidagi Toshkent davlat musiqa bilim yurtida Sulaymon Taxalov sinfida qashqar rubobida ijrochilik mahoratini mustahkamlaydi, keyin esa musiqa nazariyasi va kompozitorlik boʻlimlarida Albert Malaxov va Rumil Vildanov sinflarida taʼlim oladi. Toshkent davlat konservatoriyasi (hozirgi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi)da Rumil Vildanov va Boris Giyenko sinflarida kompozitorlikdan saboq oladi. Oʻqishga boʻlgan ishtiyoqi, oʻz ustida tinimsiz ishlash natijasida, nafaqat musiqa yaratish, balki fortepianoda mahorat bilan chalishni ham puxta egallaydi. Konservatoriyaning bitiruv imtihonida Rustam Abdullayev Birinchi fortepiano konsertini simfonik orkestr joʻrligida ijro etib, aʼlo bahoga sazovor boʻladi.

Ilm va ijodga chanqoq yosh kompozitor kasb mahoratini oshirish maqsadida Boris Zeydman sinfida assistent-stajyorlikda taʼsil oladi. 1972-1973-yillarda Sankt-Peterburgda boʻlib oʻtgan kompozitorlar festivallarida muvaffaqiyatli qatnashadi, 1976-yilda esa Moskada oʻtkazilgan Xalqaro kompozitorlar tanlovida sovrinli oʻrinni egallaydi. Kichik janrdagi bir qator cholgʻu va vokal asarlari bilan bir qatorda, ustozi rahbarligida “Shodimulk” operasini yozadi. Torli orkestr uchun yaratgan polifonik simfoniyasi bilan assistenturani tamomlaydi. Muvaffaqiyatlar, yangi gʻoyalardan ilhomlangan Rustam Abdullayev mustaqil ijod yoʻliga ishonch va gʻayrat bilan qadam qoʻyadi.

500 dan ziyod musiqiy asarlar yaratildi

Kunlar oylarga, oylar yillarga aylanib oʻtaverdi. Yillar oʻtgani sari Rustam Abdullayev kompozitor sifatida koʻplab mazmunli va sara asarlar yaratib muxlislar olqishiga sazovor boʻldi. Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi professori, jamoat arbobi sifatida yangi – yangi loyiha va gʻoyalarni hayotga tadbiq etdi, yosh malakali mutaxassislarni tayyorlashda salmoqli hissa qoʻshdi. Ijodiy faoliyati davomida turli janrlarda besh yuzdan ortiq asarlar yaratdi. “Shodimulk”, “Xiva”, “Sadoqat”, “Vijdon”, “Sohibqiron” operalari, “Quyoshga taʼzim” baleti, 8 ta konsert (konsertlarning beshtasi fortepiano va simfonik orkestr uchun, qolgan uchtasi skripka, violonchel va qashqar rubobi uchun yozilgan), polifonik simfoniya, koʻplab simfonik, vokal-simfonik, xor va kamer cholgʻu asarlari, ikki yuzdan ortiq qoʻshiq va romanslar, vokal turkumlar, bolalar va estrada qoʻshiqlari ham uning qalamiga mansub. Kompozitorning asarlari rangba-rangligi, milliy va umuminsoniy jihatlarni, anʼanaviy va zamonaviy bayon etish uslubini oʻzida mujassamlaganligi aynan Rustam Abdullayevga xos boʻlgan yangicha qarash va talqin qilish xususiyatiga ega ekanligi bilan diqqatni jalb etadi.

Dunyo sahnalarida yangragan kuy va qoʻshiqlar

Moskva konservatoriyasining katta zalida dirijyor Yuriy Siryuk boshchiligida Belarus simfonik orkestri bilan birgalikda ijro etgan “Navroʻz taronalari” nomli Ikkinchi fortepyano konsertining muvaffaqiyati kompozitorni navbatdagi simfonik asarlar yaratishga ilhomlantirdi.

Mamlakatimiz mustaqilligining ilk yillari Rustam Abdullayev uchun yangi va faol ijodiy davrni tashkil etadi. XX asrning oxirgi oʻn yilligidan boshlab, koʻplab gastrol safarlarda boʻladi. Xususan, 1991-yilda kompozitorning Bangkokdagi Tailand Qirol konsert saroyida yangragan “Tantanali uvertyurasi” simfonik asari katta olqishlarga sazovor boʻladi va navbatdagi, “Tay ohanglari” nomli Uchinchi konserti (1993-yilda) hamda Beshinchi konserti (1995-yilda)ni yozish uchun buyurtma oladi. Mazkur konsertlar ham Tailand Qiroli saroyida muallif va simfonik orkestr ijrosida yangraydi.

Ijodkorning ijodiy safarining yorqin sahifalaridan yana biri bu Vyetnamda oʻtkazilgan xalqaro festivallarda boʻlgan ishtirokidir. Bu goʻzal va betakror mamlakatda kompozitorning “Lazgi”, “Muhabbat qoʻshigʻi” simfonik poemalari orkestr ijrosida, “Ratalla” asari xalqaro tanlovlar sovrindori Ernura Mirzakamalova va orkestr ijrosida, “Xirosima faryodi” vokal turkumi esa isteʼdodli xonanda Raxim Mirzakamolov ijrosida ijro etildi. Tatariston respublikasida oʻtkazigan festivallarda ham mazkur asarlar tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi, soha mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi. Xorazm xalq kuylariga asoslangan “Lazgi” va “Ratalla” asarlari his-tuygʻularga boyligi, joʻshqinligi, raqsga xos usuli va uslubi bilan tinglovchini maftun etdi.

Eʼtirof etish joizki, serqirra va teran mazmunli mazkur asarlar milliy madaniyatimizning turli jihatlarini oʻzida aks ettiradi. Solistning orkestr partiyasi bilan bellashuvi, shovqinli va zarbli cholgʻularda xalq musiqasiga xos ovoz effektlarini bilan boyitilgan partiyalari musiqaga yana-da yorqinlik bagʻishlagan. Kompozitor orkestr tilini, har bir guruhning roli va cholgʻu tembrini juda yaxshi tushunadi. Shu bois muallif polifonik, gomofon-garmonik, sonoristika usullardan mohirona foydalanib ona yurtining ruhini, xalq shodligini yorqin yetkazib bergan.

Yuqorida nomlari tilga olingan asarlar qatorida Rustam Abdullayevning 5 ta fortepiano konserti, bir qator simfonik asarlari Koreya, Tailand, Rossiya, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlardagi yirik konsert zallarida ijro etildi. Muallif Yaponiya, Xitoy, Misr, Vyetnam, Turkiya, Germaniya, Shvetsiya, Polsha va MDH mamlakatlarida 20 marotaba asarlarining jahon premyeralarida qatnashdi.

Rustam Abdullayevning ijodi haqida soʻz borganda, “Sadoqat” operasiga toʻxtalib oʻtish joizdir. Binobarin, Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiya va Hamid Olimjonga bagʻishlab yozgan va Zulfiyaxonim tavalludining 100-yilligi munosabati bilan yangi tahrirda sahnalashtirilgan “Sadoqat” operasi kompozitorning monumental asarlaridan biri hisoblanadi. Unda aks etgan ayol obrazi, sadoqat va vafo, sevgi va hijron mavzulari, shoirlar mushoirasi, xalq sayli kuy va ohanglarda, ariya va ansambllarda, xor sahnalari va orkestr partiyalarida katta mahorat bilan ochib berilgan. Operadagi har bir timsolga berilgan musiqiy tafsilotlar, sahna dekoratsiyasi, sahnada rivojlanuvchi voqea va hodisalar tomoshabinga juda kuchli taʼsir koʻrsatadi. Asl oʻzbek ayoli ramziga aylangan Zulfiyaxonim operada mukammal koʻrinishni kasb etadi.

Umr uzun qisqaligi bilan emas, mazmuni bilan oʻlchanadi

Koʻp yashasang koʻpni koʻrasan deyishadi. Umr uzun yoki qisqaligi bilan emas, balki uning mazmuni bilan oʻlchanadi. Bu fikr aynan Rustam Abdullayevning sermazmun hayoti va tahsinga sazovor boʻlgan ijodi xaqida aytilganday. Kamtarin ijodkor milliy va zamonaviy musiqa sohasi ravnaqiga salmoqli hissa qoʻshgan ijodkorlardan. Bugungi kunda ham shogirdlariga musiqiy bilim, oʻgit va maslahatlarini berish bilan birga, ularga odamiylik sabogʻini berishdan sira kanda qilmaydi. Rustam aka, butun hayotini musiqa sanʼatiga bagʻishlagan isteʼdod sohibi sanaladi. Vatanni yuksak pardalarda tarannum etish, uning shon-shavkatini madh etish, xalqimizga betakror kuy-qoʻshiqlar taqdim etish esa kompozitor ijodida ustuvor oʻrin egallaydi.

Chorak asrdan buyon Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasiga rahbarlik qilayotgan Rustam Abdullayev milliy musiqa madaniyatini rivojlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, hukumat qarorlari va farmonlarini amalga tadbiq etishga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. U “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali taʼsischilaridan biri va hayʼat aʼzosi (1997-yil), Xalqaro simfonik musiqa festivali (1998-yildan), Nazira Ahmedova nomidagi Respublika va xalqaro tanlovlar, Yosh bastakorlar respublika va xalqaro festivallari (2019-yildan), “Davr sadolari” respublika musiqa festivali va boshqa tadbirlar tashabbuskori va tashkilotchisidir.

Rustam Abdullayev tashabbusi bilan tashkil etilgan va yuqori darajada oʻtkazilgan yirik tabirlardan biri Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻtkazilgan xalqaro simfonik musiqa festivalidir. Yigirma yil davomida besh maratoba oʻtkazilgan ushbu yirik festivalda 30 dan ortiq mamlakatdan koʻplab isteʼdodli bastakorlar, musiqashunoslar, dirijyorlar va ijrochilar qatnashdilar. 2018-yilda oʻtkazilgan xalqaro musiqa festivalida turli davlatlardagi kompozitorlar uyushmalari oʻrtasida istiqbolli hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Tinchlik va muhabbat kuylari yangrab tursin

Musiqa, inson maʼnaviyatiga taʼsir qilib, uning ruhiyatini poklaydi. Bu, musiqaning inson maʼnaviyatidan chetda taraqqiy eta olmasligidan, xalq maʼnaviyati esa musiqadan uzoqda yashay bilmasligidan darak beradi. Rustam Abdullayev ham musiqa bilan yashaydi va nafas oladi. Ijodkor, jamoat arbobi sifatida musiqa ravnaqi uchun xizmat qilib, nafaqat Oʻzbekistonga balki jahonga oʻzining yangi asarlarini tuhfa etib kelmoqda.

Kompozitorning hayoti va ijodiga bagʻishlab, 2019-yilda “Rustam Abdullayev. Jizn v muzыke” nomli monografiya nashr etilgan. Ijodkor mamlakat va jahon musiqa sanʼatiga qoʻshgan hissasi uchun davlat mukofotlari va xalqaro tashkilotlarning sertifikatlari bilan taqdirlangan. Rustam Abdullayev Turon fanlar akademiyasi akademigi, Yunonistondagi Suqrot falsafa maktabining “Zamin fuqarosi – XXI”, “Zamin aslzodasi – XXI” mukofotlari, Vyetnam musiqachilar uyushmasining “Jahon musiqa madaniyati rivojidagi ulkan xizmatlari uchun” ordeni, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomondan berilgan “Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va har tomonlama aloqalarni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari uchun” diplomi sohibidir. Bunday unvon va mukofotlar fidoyi ijodkorning oʻzbek musiqasi rivoji va uni jahonda targʻib qilishga salmoqli hissasi xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilganidan dalolat.

- Oʻzim sevgan va ardoqlagan kasbim, masʼuliyatli vazifam, qalbimning toʻridan joy olgan turmush oʻrtogʻim, hayotimning mazmuniga aylangan farzandlarim va shirindan-shirin nevaralarim umrimning naqshi va bezagidir. Men, musiqa bilan uygʻunlashib oʻtayotgan har bir kunim va tunim uchun shukrona keltiraman. Ilohim yurtimiz tinch, dasturxonimiz toʻkin, yaqinlarimiz sogʻ-omon boʻlsin, zaminimiz uzra esa hamisha va har doim tinchlik va muhabbat kuylari yangrab tursin – deydi Rustam aka, biz bilan samimiy xayrashayotib.

Darhaqiqat, inson bu koʻhna olamda yashar ekan, oʻzining baxtli ekanligini oʻtayotgan, kunlari va tunlarida halovat hamda xotirjamlik borligini anglagani sari, oʻzini baxtli his qilaveradi. Maqolamiz qahramoni ham tom maʼnoda baxtni oʻz qoʻllari, tinimsiz izlanish va halol mehnati bilan yarata olgan va shuning ortidan jamiyatda qadr topgan ijodkorlardan biridir. Rustam Abdullayev yaratgan musiqiy asarlar, insonlarni yashashga, kurashga chorlayveradi, mehnatga, muhabbatga ruhlantiradi, dardu qaygʻusiga malham, baxtu quvonchiga sherik boʻlaveradi.

Gulichehra DURDIYEVA