Baxtsiz hodisa tufayli onasidan mahrum boʻlgan qiz xorijdan vatanga qaytarildi.

    Xalqaro hamkorlik 13 May 2025 414

    Bolalar ombudsmaniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi fuqaro E.A.(ayol) ning murojaati kelib tushdi.

    Qayd etilishicha, murojaatda ayol uning qizi D.R.ning 2010-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan qiz farzandi borligi, bir necha yil avval qizi D.R. Qozogʻiston Respublikasi fuqarosiga turmushga chiqqani, nevarasi Beruniy tumanida tugʻilib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlsada, unga onasi Qozogʻiston Respublikasida ham tugʻilish haqida guvohnoma rasmiylashtirganini bildirgan.

    Baxtsiz yoʻl-transport hodisasi oqibatida qizi 2024-yil avgust oyida vafot etib, hozirda voyaga yetmagan nevarasi E.M. Qozogʻiston Respublikasida ota-ona qaramogʻisiz qolganini maʼlum qilib, nevarasini Oʻzbekistonga qaytarishda amaliy yordam soʻragan.

    Bolalar ombudsmani, Ichki Ishlar vazirligi, Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi Bosh konsulligi vakillari hamkorligida voyaga yetmagan E.M.ning Oʻzbekistonga qaytarish choralari koʻrilib, tezkor ravishda voyaga yetmagan E.M. hujjatlari rasmiylashtirilishida koʻmak koʻrsatildi.

    Koʻrilgan hamkorlik choralari natijasida kuni kecha, 12-mayda voyaga yetmagan qiz xolasi Sh.R. hamrohligida Oʻzbekistonga olib kelinib, buvisi E.A qaramogʻiga topshirildi.

    Hozirda buvining nevarasiga nisbatan vasiyligi rasmiylashtirilish jarayonida.