Namangan viloyat sudlari tomonidan insonparvarlik va bagʻrikenglikka yoʻgʻrilgan siyosat tufayli turli xil sabablar bilan toʻgʻri yoʻldan adashgan, jinoiy qilmishlarga qoʻl urgan boʻlsada, xatosini tushunib, aybiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan ayollarga yengillik berilmoqda.
Xususan, 8-mart - Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasi talablari asosida jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish yuzasidan Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalar koʻrib chiqildi.
Namangan viloyat, tuman (shahar) jinoyat sudlari tomonidan 21 nafar ayol tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtganligi sababli muddatidan avval jazodan shartli ozod etildi.
Shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha Norin tuman sudi tomonidan oʻgʻrilik jinoyatini sodir etgan ikki nafar ayolga insonparvarlik tamoyili asosida qonunda belgilanganidan ham yengil jazo tayinlangan.
Yangiqoʻrgʻon tuman sudi tomonidan ikki nafar ayol yarashuv instituti asosida sudda yarashtirilgan. Jumladan, Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi voyaga yetmagan Sh.G. 2020-yil 11-noyabr kuni tuman markazida joylashgan dehqon bozori yonida “Beshbuloq” MFYda yashovchi Ya.G. bilan oʻzaro janjallashib qolgan. G.Ya. Sh.Gni haqoratlaganidan va uning yuz aralash koʻz qismiga urganidan norozi boʻladi va Sh.G. ham jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay G.Yani urib tan jarohat yetkazgan. Yangiqoʻrgʻon tumanlararo tibbiyot ekspertizasining 13-noyabrdagi xulosasida G.Ya. bosh miya yopiq shikasti, miya chayqalishi, burun suyagi sinishi, oʻng koʻz pastki qovoq, chap yonoq sohasi sidirilgani, chap koʻz qovoqyonoq, boshning ensa sohasi yumshoq toʻqimalari lat yeyishi natijasida yengil jarohat ekanligi koʻrsatilgan.
Olib borilgan tergov va surishtiruv ishlari soʻng Sh.Gga va G.Ya.larga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tuman sudi tomonidan ushbu jinoyat ishiga atroflicha huquqiy baho berilib, ayollar ayyomi arafasida ularning yarashib olishlariga imkon yaratiladi va yarashuvning mazmun-mohiyati tushuntiriladi.
Sudda Sh.G. va G.Yalar oʻzaro yarashib olishadi. Sud sudlanuvchilar ayol kishi ekanligini, Xalqaro xotin-qizlar sanasini inobatga olgan holda ishni Jinoyat kodeksining 61-1-moddasiga koʻra yarashuv bilan tugatadi.
Eng muhimi, sud tomonidan jinoyat sodir etgan, biroq qilmishining huquqqa xilofligini anglagan va axloqan tuzalish yoʻliga oʻtgan mahkumlarga jamiyat va oʻz oilasiga foydasi tegadigan ish bilan shugʻullanishiga imkon berilganligi xalqimizning kechirimlilik va bagʻrikenglik kabi azaliy qadriyatlarining roʻyobga chiqarilishi bilan bir qatorda hayotda oʻz oʻrnini topishga, el-yurt taraqqiyoti uchun munosib hissa qoʻshishlariga yana bir ishonch va imkondir.
Namangan viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi.