«Oʻzgidromet«ning xabar berishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasida baʼzi joylarda, kunning ikkinchi yarmida esa markaziy viloyatlarda va Fargʻona vodiysida ayrim joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Kunduzgi havo harorati chorshanba kuniga nisbatan 3−4 darajaga past — +32…+35 daraja, shimolda +25…+28 daraja atrofida boʻladi.

9-may kuni harorat pasayishi davom etadi, kunduz kunlari harorat +27…+30 daraja, janubda va choʻl hududlarda +32…+35 daraja atrofida boʻladi. Kechasi va ertalab markaziy viloyatlarda, kunning ikkinchi yarmida Fargʻona vodiysida baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq kuzatiladi. Respublikaning qolgan hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi, ayrim togʻli hududlarda kuchli yomgʻir yogʻishi mumkin.

10−11-may kunlari respublikada yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat asosan +30…+35 daraja boʻladi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatiladi.

Togʻoldi va togʻli hududlarda 8−11-may kunlari vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi, respublikaning togʻoldi va togʻli hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida 8-may kuni kunduzi yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat +31…+33 daraja boʻladi. Kechga tomon, shuningdek, 9-mayda kechasi va ertalab biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. 10−11-mayda yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 9-mayda +28…+30 daraja, 10−11-mayda +31…+33 daraja boʻladi.