SSV xabariga koʼra, bayram kunlari 1049 ta oilaviy poliklinika, 1080 ta oilaviy shifokor punkti, tuman, viloyat va respublika shifoxonalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot oliy oʼquv yurtlari klinikalari belgilangan tartibda, navbatchilik asosida ishlaydi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi 13 ta filiali, tumanlardagi 181 ta shoshilinch tibbiy yordam qabul boʼlimi hamda tumanlararo qoʼshma shikastlanishlar va oʼtkir qon-tomir kasalliklari markazlarida 24 soat davomida navbatchi shifokor va hamshiralar faoliyat yuritadi. Ushbu muassasalar zarur dori-darmonlar bilan taʼminlanib, zaxira oʼrinlari yaratilgan.
Yurtimiz boʼyicha 2755 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan boʼladigan chaqiriqlar asosida kunu tun xizmat koʼrsatadi.
Bundan tashqari, 227 ta tugʼuruq, 245 ta bolalar davolash muassasaci ham uzluksiz ish olib boradi.
Respublika Call-markazi (1003) orqali tibbiyotga tegishli savollaringizga malakali mutaxassislardan kechayu kunduz javob olishingiz mumkin.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining markaziy apparati va hududlardagi 14 ta boshqarma hamda 203 ta aholi punktida joylashgan boʼlimlarida ham 24 soat davomida navbatchi shifokor, vrach-laborant va yordamchi xodimlar faoliyatini davom ettiradi.
Sogʼliqni saqlash vazirligi bayram kunlarida mehnat qiladigan barcha tibbiyot xodimlariga oʼz minnatdorligini bildiradi.