Bayram kunlari mamlakatimiz boʻylab “Dolzarb 20 kunlik” tozalik tadbirlari oʻtkaziladi

    Prezident maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov respublika boʻylab “Dolzarb 20 kunlik” tozalik tadbirlarini eʼlon qildi.

    Tadbir 2025-yil 20-dekabrdan 2026-yilning 10-yanvariga qadar davom etadi.

    Unga koʻra,

    • Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligida respublika ishchi shtabi tashkil etiladi;
    • tadbir davomida sanitar tozalash korxonalari tomonidan barcha hududlar qattiq maishiy chiqindilardan tozalanadi.

    Shuningdek,

    • mahalla hududlarini ozoda saqlash,
    • bayram kunlarida chiqindi toʻplanib qolishining oldini olish,
    • chiqindilarni reja grafikdan tashqari navbatchilik asosida oʻz vaqtida olib ketishga qatʼiy rioya qilish boʻyicha zaruriy choralar koʻriladi.

    “Dolzarb 20 kunlik” tozalik tadbirlaridan maqsad aholi orasida Yangi yil bayramini koʻtarinki ruhda oʻtkazish, atrof-muhitni ozoda saqlash va bu orqali ekologik vaziyatning yanada yaxshilanishiga hissa qoʻshishdir.

    Shu oʻrinda, jismoniy va yuridik shaxslardan chiqindilar bilan bogʻliq ishlarda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishni, jumladan, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlamaslikni soʻraldi.

    Chiqindilarni boshqarish sohasi va xizmat sifatiga doir taklif va shikoyatlar yuzaga kelganda “1205” qisqa raqamiga 24/7 ish rejimda murojaat qilish mumkinligi eslatib oʻtildi.