Bayram kunlari Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi

    “Oʻzgidromet” xizmati Oʻzbekiston hududlari boʻylab 8-14-aprel kunlari kuzatiladigan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.

    Bugun kunduzi respublika hududining katta qismida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi, harorat 22-27 daraja, janubda 30 darajagacha boʻladi.

    Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyati shimolida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin.

    Ertaga 9-aprel kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Fargʻona vodiysi viloyatlarida baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi va havo harorati 15-20 darajagacha pasayadi.

    Buxoro, Navoiy viloyatlarida faqat kechasi va ertalab biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 15-20 darajagacha pasayadi.

    10-11-aprelda Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati yana 22-27 darajagacha, janubda 30 darajagacha koʻtariladi.

    12-14-aprel kunlari beqaror ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, ayrim joylarda momaqaldiroq boʻladi.

    Harorat asosan kechalari 7-12 daraja, kunduz kunlari 18-23 daraja boʻladi. Respublika shimolida yomgʻir yogʻishi ehtimoli kam.

    Togʻli hududlarda 9 va 12-14-aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir, baland togʻlarda qor) boʻladi. Qor koʻchishi xavfi saqlanib turadi.

    Respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

    Poytaxtda: bugun kunduzi havo asosan biroz bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 24-26 daraja boʻladi.

    9-aprelda ertalab va kunning birinchi yarmida vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi. Harorat 16-18 daraja boʻladi.

    10-11-aprelda yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 22-24 daraja boʻladi.

    12-aprelda kunning ikkinchi yarmida va 13-14-aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi. Harorat 18-23 daraja boʻladi. Harorat asosan kechalari 7-12 daraja boʻladi.