Bayram kunlarida ham vaksinatsiya jarayonlari davom etadi

    Salomatlik 31 Avgust 2021 688

    Mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami munosabati bilan xalqimizning maroqli hordiq chiqarishini taʼminlash maqsadida 1-5-sentyabr kunlari dam olish kunlari deb eʼlon qilindi. Mazkur jarayonda aholi salomatligini taʼminlash borasidagi hukumat topshiriqlari ijrosi yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:

    Xalqimiz bayramni xotirjam, osoyishta, tinchlik-totuvlikda oʻtkazishini taʼminlash maqsadida bayram oʻtkaziladigan joylarda malakali tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha tunu kun navbatchilik tashkil etiladi.

    Xalq sayillari, bolalar ishtirokidagi bayram tadbirlari oʻtkaziladigan va aholi gavjum joylarda tibbiy yordam xizmati tashkillashtiriladi.

    Shuningdek, bayram kunlari yurtimizdagi barcha davolash muassasalarida, hududiy oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda belgilangan tartibda bayram kunlari 08:00 dan 20:00 gacha faoliyat koʻrsatadigan shifokor va hamshiralardan iborat navbatchi brigadalar tuzilishi belgilandi.

    Shuningdek, shoshilinch tibbiy yordam tizimi muassasalari va “tez yordam” xizmati odatdagi tartibda bir maromda uzluksiz ishlaydi. Xususan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlarda 13 ta filiali, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tizimidagi barcha boʻlimlari faoliyat koʻrsatadi.

    Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda emlash punktlari faoliyati bayram kunlari ham davom ettiriladi.

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy boshqarmalari bayram tadbirlari oʻtkaziladigan joylarda karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilishi boʻyicha tegishli choralarni koʻradi.