Joriy yilda Xalq taʼlimi vazirining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning yakuniy nazorat imtihonlarini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga asosan umumtaʼlim muassasalarida oʻquv mashgʻulotlari 2022-yil 25-may kuni tugaydi va 9- va 11-sinf oʻquvchilarini yakuniy nazorat imtihonlari 26-maydan 15-iyunga qadar oʻtkaziladi.
2021-2022 oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari ona tili va adabiyot, oʻzbek tili/rus tili, matematika, tarix, jismoniy tarbiya va qoʻshimcha ravishda oʻquvchilarning tanlovi asosida belgilangan fan boʻyicha;
11-sinf bitiruvchilari esa ona tili va adabiyot, matematika, chet tili, tarix va va qoʻshimcha ravishda oʻquvchilarning tanlovi asosida belgilangan fan boʻyicha yakuniy nazorat imtihonlarini topshiradilar. Bunda tanlov har bir oʻquvchining ixtiyoriga koʻra 9-, 11-sinfda oʻqitilgan fanlar doirasida tanlanadi va yakuniy davlat imtihoni oʻtkazilishidan bir oy oldin oʻquvchining arizasiga asosan amalga oshiriladi.
Variativ oʻquv rejalari joriy etilgan sinflarda taʼlim oladigan oʻquvchilar ham tanlov fanlaridan birini yakuniy davlat imtihoni oʻtkazilishidan bir oy oldin ariza asosida tanlashadi.
Oʻquvchilar tomonidan tanlangan fanlar boʻyicha taʼlim tilini inobatga olgan holda 9- va 11-sinf kesimida guruhlar shakllantirilishi hamda tanlangan oʻquv fanidan yakuniy nazorat imtihonini oʻtkazish haqida umumiy oʻrta taʼlim muassasasining Pedagogika kengashi qaror qabul qiladi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan qoʻshimcha dam olish kunlarini inobatga olgan holda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinf oʻquvchilari uchun “Jismoniy tarbiya” fanidan yakuniy nazorat imtihonlari joriy yilning 2-7-may sanalaridan 11-14-may kunlariga koʻchiriladi.
Xoʻsh, joriy yilda yakuniy imtihonlardan kimlar ozod etiladi?
Davlat test markazi tomonidan beriladigan umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat sertifikatga ega hamda chet tili fani boʻyicha V1 va undan yuqori V2, S1, S2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan oʻquvchilar tegishli fandan hamda chet tili fanidan maktab pedagogika kengashining qarori asosida yakuniy nazorat imtihonlaridan ozod etiladi.
Yakuniy nazorat imtihonlariga oʻquvchilarni kiritish yuzasidan maktab pedagogika kengashi oʻtkaziladigan kundan kamida 10 kun oldin tegishli sinf rahbari tomonidan ishchi guruhga umumtaʼlim fanini bilish darajasi toʻgʻrisida davlat namunasidagi, chet tili fani boʻyicha V1 yoki undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻquvchilar roʻyxatini va sertifikatlar nusxalarini taqdim etishlari lozim.
Shu oʻrinda joriy oʻquv yili yakunida 5-6-7-8 hamda 10-sinflarning bosqichli imtihonlari boʻlmasligini maʼlum qilamiz, Ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim muassasalari va maktab-internatlarida esa bosqichli imtihonlar ularning ichki nizomlariga muvofiq ixtisoslashuv fanlari doirasida amalga oshiriladi.
Xabaringiz bor, Oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlari Davlat test markazining abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi. Onlayn hujjat topshirish uchun esa bitiruvchilarning pasport (ID karta) maʼlumotlarini kiritish talab etiladi. Shu bois Xalq taʼlimi vazirligi 16 yoshga toʻlgan maktab bitiruvchilaridan oʻz vaqtida pasport va bugungi kunda ID karta olishlarini soʻraymiz. Bugungi kunga qadar amaldagi fuqarolik pasporti boʻlgan bitiruvchilarga ID karta olishning zaruriyati yoʻq.
Maʼlumot uchun, joriy oʻquv yilida maktablarni 390 mingdan ortiq oʻquvchilar bitiradi.








