Bayrami kunlari yogʻingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi — Oʻzgidromet

    Ertaga Oʻzbekiston hududi boʻyicha havo asosan kam bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi, deb xabar bermoqda Oʻzgidromet agentligi.

    Respublika hududining katta qismida +32…+35 daraja atrofida boʻlgan juda qulay havo harorati kuzatiladi. Faqat respublikaning shimolida, janubida va choʻl hududlarida kunduz kunlari havo +37...+39 darajagacha isiydi.

    16-18-iyun — Qurbon hayiti bayrami kunlarida respublika hududi boʻyicha yogʻingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, havo harorati hududning katta qismida +36…+39 darajagacha, shimolda, janubda va choʻl hududlarda +40...+41 darajagacha koʻtariladi.

    Respublikaning togʻli hududlarida 17-18-iyun kunlari kechga tomon baʼzi joylarda mahalliy xususiyatga ega boʻlgan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Sharqiy yoʻnalishdagi shamol 9-14 m/s tezlikda esadi, 18-iyunda baʼzi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

    Poytaxtimizda: 14-15-iyunda havo asosan kam bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat +32…+35 daraja boʻladi.

    16-18-iyun kunlari havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat +35…+38 daraja boʻladi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi.