Bayrogʻimiz boshimiz uzra doimo hilpirab turaversin!

    Fikr 18 Noyabr 2020 3879

    Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻining qabul qilinganligiga 29 yil toʻlishi munosabati bilan

    Vatan. Har maysa, oʻt-oʻlani, gulu chechaklari, bogʻ-rogʻlari, bepoyon dala-dashtlari, keng yaylovlari, osmon oʻpar togʻlari, qiru adirlari — bari biz uchun muqaddas boʻlgan maskan. Yurtimiz jannatmakon diyor. Insoning tugʻilib oʻsgan joyi azizu mukarramdir. Koʻchada ketar ekanman, notanish kishilarning samimiy salomiga alik ola turib, bunday lutf milliyligimiz, qonimizga singib ketgan anʼanalarimizdan ekanligi koʻnglimni gʻururga toʻldiradi.

    Vatan ramzlari ham ana shu muqaddas tushunchalar qatorida turadi.

    Davlatchilik tarixidan shu narsa maʼlumki, har bir mamlakatning oʻz ramzlari ularning davlat boʻlib shakllanishidagi asosiy shartlardan biridir.

    Mustaqilligimizning ilk davrlarida – 1991-yil 18-noyabrda – davlatimizning muqaddas ramzi – bayrogʻimiz qabul qilindi. Unda tasvirlangan yorqin ranglar tahlil qilinganda, Vatan ajdodlardan merosligini, oʻzbek xalqi doimo hayotga intilib yashaganligini, tinchliksevar, mehnatkash, qadriyatlarimizni ulugʻlovchi millat ekanligimizni uqish mumkin.

    Moziyga nazar solsak, qancha-qancha insonlar bayroqlari uchun oʻz shirin jonlarini fido etganliklarining guvohi boʻlamiz. Har qarichi muqaddas boʻlgan jonajon yurtimizni moʻgʻil bosqinchilari toptamoqchi boʻlganida, ularga qarshi mardonavor kurashganlardan biri, ulamoyu ikromlarimizdan Najmiddin Kubrodir. Ulugʻ shayx jasorat bilan jangga kirar ekan, oʻz lashkari tugʻini shunday qattiq ushlagan ekanki, hatto halok boʻlganida ham bayroq parchasini uning barmoqlaridan ajratishning iloji boʻlmagan ekan.

    Oʻzining mardligi, jasurligi bilan olchoq Chingizni ham lol qoldirgan sarkarda Jaloliddin Manguberdi ham soʻnggi nafasigacha sharafli bayrogʻini oʻzi bilan olib yurgan.

    Milliy bayrogʻimiz qabul qilinganiga ham 29 yil boʻldi. Albatta bayrogʻimizni hammamiz har kuni koʻramiz. Uning shakli va ranglari qalbimizga jo boʻlib ketgan. Xizmat taqozosi bilan poytaxtga yoʻlim tushsa, uzoqdan muhtasham bayrogʻimizning hilpirab turganiga koʻzim tushib, qalbimni faraxbaxsh tuygʻular egallaydi. Uning viqor-la boshimiz uzra hilpirashi xalqimizga osuda hayot baxsh etayotgandek, insonlarni hushyorlikka chaqirayotgandek, jannatmakon yurtimiz baxt-saodat maskani ekanligiga kafolat berayotgandek his-tuygʻularni inʼom etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorgohlarida va boshqa oliy davlat boshqaruv organlarining, mahalliy hokimiyatlar binolarida, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va harbiy birlashmalarida oʻrnatiladi.

    Jahon mamlakatlari bayroqlari orasida eng chiroyli bezagi bilan Oʻzbekiston bayrogʻi alohida ajralib turadi.

    Davlatimiz bayrogʻi davlat rahbarlari sharafiga, boshqa mamlakatlarda koʻtarilganda, nufuzli sport anjumanlarida hilpiraganda qaysi oʻzbek toʻlqinlanmagan. Ana shu muqaddas ramzimizni ulugʻlash, uning obroʻyini saqlash, unga hurmat bajo keltirishni farzandlarimiz qalbiga singdirish eng yuksak maʼnaviy tarbiyadir.

    Bayrogʻimiz boshimiz uzra doimo hilpirab turaversin!

    Dilshoda Rahmonqulova,

    Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurti

    nemis tili oʻqituvchisi