Ushbu kelishuvga poytaxtimizdagi “O'zekspomarkaz” Milliy ko'rgazmalar majmuasida bo'lib o'tayotgan “Ipak yo'lida turizm” 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida erishildi. Unda o'z stendi bilan ishtirok etayotgan Sirdaryo viloyati hokimligi xalqaro yarmarkaning birinchi kunidayoq jahonning etakchi BBC Global News mediakompaniyasi bilan hamkorlikka erishdi, deb yozmoqda hokimlik axborot xizmati.
Kelishuvga ko'ra, ikki tomon viloyatining turizm salohiyatini dunyo bo'ylab keng targ'ib etishga qaratilgan qo'shma loyihani amalga oshiradi. Kelajakda viloyat turizmini BBC Global News auditoriyasi orqali G'arbiy Yevropa va Amerika qit'asida targ'ib etgan holda uzoq xorij mamlakatlaridan Sirdaryoga tashrif buyuruvchi turistlar sonini ko'paytirish ko'zlanmoqda. Shuningdek, viloyatda faoliyat ko'rsatayotgan ommaviy axborot vositalari vakillarining tajribasini oshirishda mahorat darslari tashkil etiladi.