Shu bois bugun yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishga alohida ahamiyat qaratmoq lozim.
Har qaysi xalqning tarix, ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va oʻzligi, madaniy-maʼrifiy olami, milliy gʻoyasining asosi hisoblanadi. Milliy gʻoya va mustaqillik mafkurasini yosh avlodga singdirishda, ularni vatanparvarlik, milliy anʼana, qadriyatlarimizga muhabbat hamda sadoqat ruhida tarbiyalashda oʻzbek tili va adabiyoti taʼlimining alohida oʻrni bor.
Kasbi tumanining Denov mahallasida dunyoga kelib, voyaga yetgan professor Begali Qosimov oʻzbek tili va adabiyotiga oʻzining beqiyos hissasini qoʻshgan yetuk olim edi. Shu munosabat bilan, viloyat hokimi Murotjon Azimovning tashabbusi bilan professor Begali Qosimovning ota xonadonida “Uy muzeyi” tashkil etildi.
Ushbu “Uy muzeyi”ning ochilishida viloyat hokimi oʻrinbosari Alisher Zakirov, viloyatimiz faxriysi Esonboy Rajabov va tuman hokimi Toʻxtamurod Meyliyev hamda adabiyotshunos olimlar, professor Begali Qosimovning farzandalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.