Begona shaxslarni uydan roʻyxatdan chiqarish uchun ularning roziligi talab etilmaydi

    Ijtimoiy hayot 12 Yanvar 2024 2351

    2024-yil 5-yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 9-son Qarori qabul qilindi.

    Mazkur qarorga muvofiq turar joyga nisbatan mulkiy huquqlarga yoki turar joy mulkdori bilan qarindoshlik aloqalariga ega boʻlmagan shaxslarni ushbu turar joydan doimiy roʻyxatdan chiqarish uchun ularning roziligini olish bekor qilinadi (bundan taraflar oʻrtasida boshqacha kelishuv tuzilgan holatlar mustasno).

    Shuningdek, Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish boʻyicha respublika va hududiy maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning yangi tahriri tasdiqlandi.

    Respublika kompensatsiya jamgʻarmasi mablagʻlaridan yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash uchun foydalaniladi.

    Hududiy kompensatsiya jamgʻarmalari mablagʻlaridan quyidagilar uchun foydalaniladi:

    yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash;

    jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan quyidagi zararlarni (keyingi oʻrinlarda – mulkiy va maʼnaviy zarar) qoplash:

    koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan hududlarning davlat reyestriga noqonuniy yodi haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarning kiritilishi natijasida ularga ishonib harakat qilgan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlar;

    davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilarining qonunga xilof deb topilgan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan va sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan aniqlangan zararlar;

    tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof deb topilgan harakatlari (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan zarar va maʼnaviy ziyonlar;

    turar joy insofli egallovchidan qonunchilikda belgilangan tartibda talab qilib olinishiga yoʻl qoʻyilmasligi natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar.

    Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni qoplab berish sxemasi quyidagicha:

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari – jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati asosida yoki oʻz tashabbusiga koʻra tegishli hujjatlarni respublika va hududiy maqsadli jamgʻarmalar kuzatuv kengashiga (keyingi oʻrinlarda – kuzatuv kengashlari) murojaat qiladi;

    kuzatuv kengashlari 3 ish kuni mobaynida taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan zararlarning oʻrnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplanishini moliyalashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklari 3 ish kuni mobaynida yetkazilgan zararlarni qoplab beradi.

    Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy va maʼnaviy zararlarni qoplash uchun jismoniy va yuridik shaxslar ariza, sud qarori va boshqa tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga murojaat qiladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 10-yanvardan kuchga kirdi, deb xabar beradi “”Norma.