11-sentyabr kuni Toshkent shahrida jamoat transporti bekatida ayol kishiga nomaʼlum shaxsning sababsiz hamla qilgan holati videolavhalarda aks etgan edi.
Uchtepa tumanidagi jamoat transporti bekatida 32 yoshli Yevgeniyaga sababsiz badan shikastlari yetkazgan shaxs muqaddam sudlangan 45 yoshli Tohir ismli shaxs Sirdaryo viloyatidan ekanligi aniqlanib, unga nisbatan Uchtepa tumani IIO FMB Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277 moddasi 1 qismi (“Bezorilik”) boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Ammo dastlabki tergov davomida barcha tafsilotlar oʻrganilib, jabrlanuvchi, guvohlar va ayblanuvchining koʻrsatmalari inobatga olingach, ayblanuvchining xatti- harakatlari qayta baholandi. Natijada fuqaro Tohirga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277 moddasi 2 qismi “g” bandi (“Bezorilik”), hamda 112 moddasi 1 qismi (“Oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish”) boʻyicha ayblov taqdim etildi.
Dastlabki tergov davrida fuqaro Tohirga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan edi.
Hozirgi vaqtda jinoyat ishi sudga oshirilgan va ayblanuvchiga nisbatan jazo chorasi sud tomonidan belgilanadi, deb xabar beradi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.