Bekobod tumanida kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish masʼullariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Bekobod tumanida qonunbuzilishi holati aniqlandi.

    Xususan, Toshkent viloyati Bekobod tumani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi N.J. va bosh hisobchisi E.Oʻ.lar tikuvchilikka ixtisoslashgan 3 ta MCHJ rahbarlari bilan oʻzaro til biriktirib, 2023-yilning oktyabr-dekabr oylarida Bekobod tumanida yashovchi 116 nafar fuqaroga goʻyoki kasanachilik faoliyatida zarur boʻladigan asbob-uskunalar yetkazib berilganligi toʻgʻrisida rasmiy hujjatlarga soxta maʼlumotlar kiritish yoʻli bilan 950 mln. 570 ming soʻm pul mablagʻini talon-toroj qilishgan.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.