Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning eri 9-yilga ozodlikdan mahrum qilindi

    Joriy yilning 27-mart kuni Bekobod tumanida 28 yoshli ayol 5-qavatdan tushib ketib vafot etgandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbarining xabar berishicha, marhumaning eri 9-yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

    Taʼkidlanishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Bekobod tuman sudining 2024-yil 13-avgustdagi hukmiga muvofiq D. X. (1989-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlangan) Jinoyat kodeksining 103-moddasi (oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 9-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Jabrlanuvchi N. X. (marhuma)ning qonuniy vakili R. S. sudlanuvchi D. X.dan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish yuzasidan tegishli xujjatlarni toʻplab, fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilish huquqiga ega.

    Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan tomonlar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudiga apellyatsiya (kassatsiya) instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish mumkinligi maʼlum qilinadi.