Bekobod tumanida qora mol oʻgʻirligi bilan bogʻliq jinoyatni sodir etgan fuqarolar ham ogʻirning ustidan, yengilning ostidan yurishni kasb qilib olgan yosh, bilagi kuchga toʻlgan yigitlar boʻlib chiqdi. Ularni Bekobod tuman IIB YHXB xodimlari Erkin Saidqulov va Hotambek Boboyev tezkor qidiruv tadbirlari davomida aniqladi.
Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati xabariga koʻra, 4-fevral kuni soat taxminan 13:30 larda Bekobod shahrida yashovchi, 1998-yilda tugʻilgan A.I. tengdoshi A.Sh. bilan oʻzganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish maqsadida oʻzaro jinoiy til biriktirib, fuqaro O.M.ga tegishli, dalaga bogʻlab qoʻyilgan, umumiy narxi 8 million soʻm boʻlgan bir bosh sigirni oʻgʻirlab, uni sotish maqsadida tanishlari X.X.ni chaqirib, unga tegishli boʻlgan “VAZ-21013” rusumli avtomobilga yuklab olib ketishadi.
Mol boqib yurgan odamlar uning taxminiy narxini bir qarashda aniqlashadi. Sotilayotgan qora mol nima uchun arzon ekanini oʻylab ham koʻrmagan fuqaro M.X. esa uni 5 million 300 ming soʻmga sotib oladi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-modda 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.